Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Endi 30 yoshgacha bo‘lgan rossiyaliklar ham armiyaga chaqiriladi

Endi 30 yoshgacha bo‘lgan rossiyaliklar ham armiyaga chaqiriladi

24-noyabr kuni Rossiya hukumati harbiy ro‘yxatga olish sohasidagi me’yoriy-huquqiy bazani parlament tomonidan qabul qilingan qonunchilikdagi o‘zgarishlarga muvofiqlashtirish to‘g‘risidagi qarorni ma’qullagan. Ushbu o‘zgarishlarga ko‘ra, 2024-yil 1-yanvardan boshlab Rossiya armiyasiga 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan erkaklar chaqirila boshlaydi. Shu paytgacha muddatli harbiy xizmatchilarning maksimal yoshi 27 yosh edi.

Davlat dumasi 25-iyulda chaqiruv yoshini oshirish to‘g‘risidagi qonun loyihasiga tegishli tuzatishlarni qabul qildi. Dastlab, chaqiruv yoshining nafaqat yuqori chegarasi, balki eng quyi chegarasi ko‘tarilishi nazarda tutilgan edi – 18 yoshdan 21 yoshgacha. Biroq, oxir-oqibat, bu g‘oyadan voz kechishga qaror qilindi - Davlat dumasining Mudofaa bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Andrey Kartapolovning ta’kidlashicha, «ko‘p yigitlar 18 yoshida xizmatga borishni xohlaydi».

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu 2022-yil oxirida harbiy xizmatga chaqirilish yoshini 18-27 yoshdan 21-30 yoshga o‘zgartirishni taklif qildi. Muddatli harbiy xizmatga chaqirilish yoshi chegaralari bosqichma-bosqich o‘zgartirilishi nazarda tutilgan edi.

Gaydar nomidagi Iqtisodiy siyosat instituti tadqiqotchisi Igor Yefremovning hisob-kitobiga ko‘ra, yangi yosh chegaralari bilan 2024-yilda avvalgi ko‘rsatkichga qaraganda taxminan 2 million ko‘proq rossiyalik erkaklar harbiy xizmatga chaqiriladi – 6,8 million o‘rniga 9,14 million kishi.

Demograf Aleksey Raksha ham o‘z tahliliga asoslanib, xuddi shunday raqamni keltirdi. Shu bilan birga, tadqiqotchilarning qayd etishicha, bu taxminiy hisob-kitoblar bo‘lib, aholini ro‘yxatga olish vaqtidagi xatolar, migratsiya va boshqa omillarni hisobga olishning iloji yo‘qligi sababli noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring