Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mehnat munosabatlarida harbiy xizmat bilan bog‘liq 14 savolga 14 javob

Mehnat munosabatlarida harbiy xizmat bilan bog‘liq 14 savolga 14 javob

1992-yil 14-yanvardan O‘zbekiston hududida joylashgan harbiy tuzilmalar O‘zbekiston Respublikasi yurisdiksiyasiga o‘tkazilgani munosabati bilan 1993-yil 29-dekabrda 14 yanvarni «Vatan himoyachilari kuni» etib belgilashga oid qonun qabul qilingan.

Quyida ushbu kun munosabati bilan mehnat va ijtimoiy ta’minot qonunchiligidagi harbiy xizmat bilan bog‘liq eng ko‘p beriladigan savollarga javob beramiz.

  1. Xodim harbiy hizmatga chaqirilsa mehnat shartnomasi qanday bekor qilinadi?

Agar hodim xodim harbiy yoki muqobil xizmatga chaqirilgan taqdirda mehnat shartnomasi Mehnat kodeksining 106-moddasi (mehnat shartnomasining taraflar ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan holatlar bo‘yicha bekor qilinishi) bilan bekor qilinadi.

  1. Harbiy hizmatga chaqirilgan xodim bilan shartnomani bekor qilishda ogohlantirish shartmi hamda kompensatsiya to‘lanadimi?

Mehnat shartnomasi 106-moddada keltirilgan asoslarga ko‘ra bekor qilinganda xodimni ogohlantirish talab etilmaydi. Shartnoma 106-moddaning 1-bandi ya’ni xodimning harbiy yoki muqobil xizmatga chaqirilishi munosabati bilan bekor qilinsa, unga o‘rtacha oylik ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lab berilishi shart.

  1. Men 1 yillik harbiy xizmatga ketyapman. Ish beruvchi esa 99-modda bilan ariza yozib o‘z xohishimga ko‘ra bo‘shashimni so‘ramoqda. Shu to‘g‘rimi?

Amaliyotda ayrim ish beruvchilar ishdan bo‘shatish nafaqasini to‘lamaslik maqsadida shartnomani xodimning o‘z hohishiga ko‘ra ya’ni 99-modda bilan bekor qilishga harakat qiladilar. Aslo ariza yoza ko‘rmang! Shartnomani 106-modda bilan bekor qilishlarini talab qiling! Shunda ishdan bo‘shatish nafaqasini ham olasiz.

  1. 1 oylik xizmatga chaqirilgan xodim bilan ham shartnomani
    106-moddaga ko‘ra bekor qilish kerakmi?

Xodim safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatga chaqirilganda xodimning ish o‘rni (lavozimi) va o‘rtacha ish haqi saqlanadi.

Asos: Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 22-fevraldagi 99-son qaroriga 1-ilova «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmatni o‘tashi tartibi to‘g‘risida»gi Nizom.

  1. Muqobil xizmat nima?

Ko‘pchilik muqobil xizmat deganda safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni tushunadi. Bular mutlaqo boshqa-boshqa tushunchalardir.

Muqobil xizmat fuqarolarning umumiy harbiy majburiyatni bajarishining chaqiruv bo‘yicha harbiy xizmat o‘rniga iqtisodiyot, ijtimoiy sohaning turli tarmoqlarida kam malaka talab etiladigan (yordamchi) ishlarni, shuningdek falokatlar, halokatlar, tabiiy ofatlar va boshqa favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish ishlarini bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan alohida turidir.

18 yoshdan 27 yoshgacha bo‘lgan, harbiy ro‘yxatda turuvchi va xizmatga chaqirilishi lozim bo‘lgan fuqarolar, agar ular diniy ta’limoti qurol-yarog‘dan foydalanish va Qurolli Kuchlarda xizmat qilishga yo‘l qo‘ymaydigan, ro‘yxatga olingan diniy tashkilotlar hisobida tursalar, muqobil xizmat huquqiga ega.

Asos: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 11-martdagi 128-son «Muqobil xizmatni tashkil etish va O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining uni o‘tashi tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori.

  1. Harbiy xizmatdan bo‘shatilgan shaxslarga ishga joylashishda qanday kafolatlar bor?

MK 68-moddasiga ko‘ra, harbiy xizmatga chaqirilgan (o‘tgan) xodim rezervga bo‘shatilgan yoki iste’foga chiqqanidan keyin, basharti, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safidan, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Favqulodda vaziyatlar vazirligi qo‘shinlaridan bo‘shatilgan kunidan boshlab uzog‘i bilan uch oy ichida ishga joylashish masalasida ish beruvchiga murojaat etgan bo‘lsa, avvalgi ish joyida ishga joylashish huquqiga egadir. Ya’ni bu holatda tashkilotda bo‘sh ish o‘rinlari bo‘lsagina, ishga joylashish huquqiga egasiz.

Kafolatlarni berish mumkin bo‘lmagan hollarda, mahalliy mehnat organi ishga joylashtirishni, zarur hollarda esa, kasbi bo‘yicha bepul o‘qitishni ta’minlaydi.

Harbiy xizmatga chaqirilgan (o‘tgan), lekin keyinchalik rezervga bo‘shatilgan yoki iste’foga chiqqan xodim, agar uning harbiy xizmatga chaqirilgan (o‘tgan) kunidan boshlab uch oydan ortiq vaqt o‘tmagan bo‘lsa, avvalgi ish joyiga (lavozimiga) qaytib kelish huquqiga ega. Bu holatda esa, ish beruvchi Sizni ishga qabul qilishga majbur.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1998-yil 17-apreldagi 12-sonli «Sudlar tomonidan mehnat shartnomasi (kontrakti)ni bekor qilishni tartibga soluvchi qonunlarning qo‘llanilishi haqida»gi qarorining 41-bandiga ko‘ra, o‘rningizdagi xodim bilan esa tashkilotda boshqa ish o‘rinlari bo‘lmasa 106-moddasining 2-bandi (shu ishni ilgari bajarib kelgan xodim ishga tiklangan taqdirda) bo‘yicha mehnat shartnomasi bekor qilinadi.

Korxona qayta tashkil etilganda harbiy xizmatdan bo‘shatilgan shaxslarni ishga joylashtirishni uning huquqiy vorisi, korxona tugatilganda esa — mahalliy mehnat organi amalga oshiradi.

  1. Ishga kirish jarayonida harbiy biletni taqdim qilish shartmi?

MK 80-moddasiga ko‘ra, ishga qabul qilish vaqtida ishga kirayotgan harbiy xizmatga majbur yoki chaqiriluvchi shaxslar tegishincha harbiy biletni yoki harbiy hisobda turganlik haqidagi guvohnomani taqdim etadilar.

  1. Muddatli harbiy xizmatdan rezervga bo‘shatilgan va ishga joylashgan harbiy xizmatchilarga qanday kafolatlar bor?

MK 143-moddasiga ko‘ra, muddatli harbiy xizmatdan rezervga bo‘shatilgan va ishga joylashgan harbiy xizmatchilarga ta’til ularning xohishi bo‘yicha 6 oy o‘tmasdan oldin beriladi.

  1. Harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning xotinlariga ham mehnat qonunchiligida kafolatlar bormi?

MK 144-moddasiga ko‘ra, muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning xotinlariga ta’til ularning xohishiga ko‘ra yozgi yoki ular uchun qulay bo‘lgan boshqa vaqtda berilishi kerak.

  1. Men harbiyman. Ayolim o‘qituvchi. Harbiy xizmatni o‘tash uchun boshqa joyga yuborilganimda turmush o‘rtog‘im ish beruvchini mehnat shartnomasinini bekor qilish haqida 2 hafta oldin ogohlantirishi shartmi?

Mehnat shartnomasini xodimning tashabbusi bilan bekor qilish haqidagi ariza u o‘z ishini davom ettirishining imkoni yo‘qligi bilan bog‘liq bo‘lsa, ish beruvchi mehnat shartnomasini xodim iltimos qilgan muddatda bekor qilishi kerak. Masalan, turmush o‘rtog‘ining harbiy xizmatni o‘tash uchun boshqa joyga yuborilishi. Ya’ni Siz boshqa hududga rotatsiya bo‘lsangiz ayolingiz 2 hafta ishlab berishga majbur emas. Agar muddatli shartnoma tuzilgan bo‘lsa, xodim neustoyka to‘lashdan ham ozod qilinadi.

  1. Turmush o‘rtog‘im harbiy xizmatchi bo‘lganligi uchun bir joyda muqum turmaymiz, ko‘chib yuramiz. Ishga joylashishim uchun imkoniyat yo‘q. Shu holatda menga qandaydir imtiyoz bormi?

O‘zbekiston Respublikasining «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi Qonunining 37-moddasiga ko‘ra, ofitserlar tarkibidan bo‘lgan shaxslarning, praporshchiklarning, michmanlarning va muddatdan tashqari xizmat harbiy xizmatchilarining xotinlari, ularni ishga joylashtirish imkoniyati bo‘lmagan joylarda erlari bilan yashagan vaqt, lekin 10 yildan oshmagan davr ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.

Bu davr umumiy ish staji kamida 7 yil bo‘lgan taqdirda ish stajiga qo‘shib hisoblanadi. Ya’ni yuqoridagi 10 yillik davr qo‘shilishi uchun, Sizda kamida 7 yil ish stajingiz bo‘lishi shart.

  1. Muddatli harbiy xizmat pensiyaga chiqayotganda ish stajiga qo‘shib hisoblanadimi?

Harbiy xizmatda bo‘lish, davlat xavfsizligi organlarida va ichki ishlar organlarida xizmat qilish ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.

Asos: O‘zbekiston Respublikasining «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi Qonuni 37-moddasi.

  1. Afg‘onistondagi jangovar harakatlarda qatnashgan sobiq baynalminalchi jangchiman. Menga mehnat qonunchiligida qanday kafolatlar bor?

Mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi (bolnichniy) ishlayotgan 1941-1945 yillardagi urush qatnashchilariga, baynalminal jangchilarga va ularga tenglashtirilgan boshqa shaxslarga, Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini tugatishda qatnashgan yoki undan jabrlanganlarga ish haqining 100 foizi miqdorida to‘lanishi lozim.

1941-1945 yillardagi urush qatnashchilariga va imtiyozlari bo‘yicha ularga tenglashtirilgan shaxslarga ta’til ularning xohishiga ko‘ra yozgi yoki ular uchun qulay bo‘lgan boshqa vaqtda berilishi kerak (MK 144-moddasi).

1941-1945 yillardagi urush qatnashchilariga va imtiyozlari jihatidan ularga tenglashtirilgan shaxslarga – har yili o‘n to‘rt kalendar kunga qadar ularning xohishiga ko‘ra, ish haqi saqlanmagan holda muqarrar tartibda ta’til beriladi (MK 150-moddasi ).

«Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi Qonunning 38-moddasi «a» bandiga muvofiq, harakatdagi armiya tarkibiga kiruvchi harbiy qismlar, shtablar va muassasalardagi, jangovor harakatlar davrida partizan otryadlari va qo‘shilmalaridagi xizmat va erkin yollanganlar tarkibidagi ish, baynalmilal burchni bajarishda jangovor harakatlarda ishtirok etish — uch hissa barobarida pensiya tayinlashda ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligida urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslar doirasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 13-oktyabrdagi 592-son qaroriga 1-ILOVA «Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi Nizomga 1-ilova Urush qatnashchilariga tenglashtiriladigan shaxslar ro‘yxatida belgilangan.

  1. Turmush o‘rtog‘im harbiy xizmatni bajarish chog‘ida yaralanganligi oqibatida halok bo‘lgan. Men maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlayman. Menga qandaydir imtiyoz bormi?

Soliq kodeksi 380-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish yoki harbiy xizmatning yoxud ichki ishlar organlaridagi xizmatning boshqa majburiyatlarini bajarish chog‘ida yaralanganligi, kontuziya bo‘lganligi yoki shikastlanganligi oqibatida yoxud frontda bo‘lish bilan bog‘liq kasallik tufayli halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning hamda ichki ishlar organlari xodimlarining ota-onalari va beva xotinlari (beva erlari) qisman (daromadlar qaysi oyda olingan bo‘lsa, o‘sha oyda har bir oy uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining (2023-yil yanvar oyi holatiga ko‘ra 920 ming so‘m) 1,41 baravari miqdoridagi daromadlar bo‘yicha) soliq solishdan ozod etiladi.

Masalan, 3 mln oylik olsangiz, 1 million 297 ming so‘m miqdordagi ish haqingizdan 12 foiz daromad solig‘i ushlanmaydi. Qolgan ish haqingizdan esa soliq ushlanadi.

Bu imtiyoz faqat yangi nikohdan o‘tilmagan taqdirda beriladi.

Muhammadamin KARIMJONOV
Toshkent davlat yuridik universiteti
Mehnat huquqi kafedrasi katta o‘qituvchisi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring