Qisqarishga tushdingizmi? Ish joyingizni saqlab qolmoqchimisiz? – unda maqolani oxirigacha o‘qing...
Ayni kunlarda mamlakatda amalga oshirilayotgan ma’muriy islohotlar, xususan, yaqinda vazirlik va idoralarning qayta tashkil etilishi hamda birlashishiga oid xabarlar tarqalgach, aholi o‘rtasida ish o‘rinlarining qisqarish yoki qanday qilib ish joyini saqlab qolish to‘g‘risida savollar ko‘paymoqda.
Shu jumladan, shartli savol:
«Assalomu alaykum. Menga qisqarish bo‘yicha 2 oylik ogohlantirish berishdi. Turmush o‘rtog‘im hech qayerda ishlamaydilar. 2ta farzandim bor 4 va 6 yoshli. Iltimos, maslahat bering qanday qilib ish joyimni saqlab qolsam bo‘ladi? Baribir bo‘shatamiz, hech narsa qo‘lingdan kelmaydi undan ko‘ra 2 oylik ogohlantirishni kompensatsiya bilan alishtir deyishyapti. Nima qilay?»
Mehnat kodeksi 92-moddasi 2-qismiga ko‘ra, agar obektiv sabablarga ko‘ra (100-modda ikkinchi qismining 1, 2 va 6-bandlari va 106-moddaning 2-bandi) mehnat shartnomasida belgilab qo‘yilgan mehnat vazifasi doirasida ishni davom ettirish mumkin bo‘lmasa, ish beruvchi xodimga mutaxassisligi va malakasiga muvofiq keladigan ishni (xodim bajarayotgan ishiga yoki egallab turgan lavozimiga nomuvofiq bo‘lsa, mutaxassisligi bo‘yicha bir muncha kam malaka talab etiladigan boshqa ishni), bunday ish bo‘lmagan taqdirda esa, — korxonada mavjud bo‘lgan boshqa ishni taklif etishi shart. Xodim boshqa ishga o‘tishdan bosh tortgan yoki korxonada muvofiq keladigan ish bo‘lmagan taqdirda, mehnat shartnomasi umumiy asoslarda bekor qilinishi mumkin.
Ya’ni sodda qilib aytganda, xodim qisqarishga tushsa yoki attestatsiyadan o‘ta olmasa ish beruvchi bu toifa xodimlarga boshqa ish taklif qilishi shart.
Ish beruvchi 2 oylik ogohlantirishning butun muddati davomida xodimni ishga joylashtirish choralarini ko‘rishi shart, hattoki, ogohlantirishning so‘ngi kuni ham.
Ish joyingizni saqlab qolishning quyidagi usullari bor:
1-usul: 2 oylik ogohlantirish muddati davomida homilador bo‘ling! Hattoki, ogohlantirish muddatining so‘nggi kuni ham homiladorlik holatini tasdiqlovchi tibbiy ma’lumotnoma olib kelsangiz ish beruvchi Sizni bo‘shata olmaydi. Chunki, Mehnat kodeksi 237-moddasiga ko‘ra, homilador ayollar va 3 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, korxonaning butunlay tugatilish hollari bundan mustasno, bunday hollarda mehnat shartnomasi ularni albatta ishga joylashtirish sharti bilan bekor qilinadi.
Homiladorlik muddatining ahamiyati yo‘q. UZI (ultratovush) yordamida homiladorlik 2-, 3-haftada aniqlanishi mumkin. Agar shunga qaramay ish beruvchi sizni bo‘shatsa, u holda jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Diqqat! Jinoyat kodeksi 148-moddasi 2-qismiga ko‘ra, ayolni homiladorligi yoki shaxsni yosh bolani parvarish qilayotganligini bila turib, uni ishga olishdan g‘ayriqonuniy ravishda bosh tortish yoki ishdan bo‘shatish bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
2-usul: Mehnat kodeksi 235-moddasiga ko‘ra, yangi tug‘ilgan bolalarni farzandlikka olgan yoki bolalarga vasiy qilib belgilangan shaxslarga ham ayollarga onalik bilan bog‘liq holda beriladigan kafolatlar va imtiyozlar taqdim qilinadi. Shuningdek, yuqoridagi kafolatlar va imtiyozlar ota-ona g‘amxo‘rligidan mahrum bo‘lgan bolalarni amalda tarbiya qilayotgan buviga, buvaga yoki boshqa qarindoshlarga ham beriladi (Asos: Mehnat kodeksi 238-moddasi).
Xodim qisqarishga tushganda 2 oylik ogohlantirish muddatini pulli kompensatsiyaga alishtirish taraflar kelishuviga ko‘ra amalga oshiriladi. Agar rozi bo‘lmasangiz, ish beruvchi 2 oylik muddatni pulli kompensatsiyaga alishtira olmaydi.
Tasavvur qilaylik, korxonada boshqa ish yo‘q yoki yuqoridagi kafolatlarga mos tushmaysiz! Xafa bo‘lmang! Bu holatda ham mehnat qonunchiligi siz uchun bir qator kafolatlarni taqdim qiladi. Ish beruvchi sizga mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni Mehnat kodeksi 109-moddasiga ko‘ra, o‘rtacha oylik ish haqingizdan kam bo‘lmagan miqdorda ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘laydi. Shuningdek, ish qidirish davrida 2 oydan ortiq bo‘lmagan davr mobaynida sizning o‘rtacha oylik ish haqingiz ham saqlanib qoladi.
Muhammadamin KARIMJONOV
Toshkent davlat yuridik universiteti
Mehnat huquqi kafedrasi katta o‘qituvchisi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter