Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bitta kubok uchun 32 jamoa: «Oq burgutlar»

Bitta kubok uchun 32 jamoa: «Oq burgutlar»

Futbol bo‘yicha jahon chempionati ishtirokchilari haqidagi turkum maqolalarni saytimizda e’lon qilishda davom etamiz. Yana Yevropaga qaytib, Polsha haqida fikr yuritamiz.

Laqabi: «Oq-qizillar», «Oq burgutlar».

Konfederatsiya: UYeFA.

Bosh murabbiy: Adam Navalka.

Sardor: Robert Levandovskiy.

Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Mixal Jevlakov (102).

To‘purar: Robert Levandovskiy (52).

Stadion: Kazimej Gurskiy nomidagi stadion.

FIFA reytingida: 10 (2018-yil 17-may).

Eng yuqori o‘rin: 5 (2017-yil avgust).

Eng past o‘rin: 78 (2013-yil noyabr).

Ilk rasmiy o‘yin: Vengriya – Polsha 1:0 (Budapesht, Vengriya; 1921-yil 18-dekabr).

Eng yirik g‘alaba: Polsha – San-Marino 10:0 (Kelse, Polsha; 2009-yil 1-aprel).

Eng yirik mag‘lubiyat: Daniya – Polsha 8:0 (Kopengagen, Daniya; 1948-yil 26-iyun).

Jahon chempionatidagi ishtiroki: 7 marta (3-o‘rin: 1974, 1982-yillar).

Yevropa chempionati: 3 marta (chorak final: 2016-yil).

Ilk urinish va foydasiz poker

Polyak futboli mamlakat tarixi kabi voqealarga boy bo‘lmasligi mumkin, ammo alohida e’tibor qaratishga arziydi. Mamlakat terma jamoasi uchun ilk yirik turnir 1938-yilgi jahon chempionati bo‘lib, unda polyaklar birinchi bosqichdanoq musobaqadan chiqib ketgan. Darvoqe, o‘shanda terma jamoa hujumchisi Ernest Vilimovskiy jahon chempionatlari tarixidagi ilk pokerni rasmiylashtirgan.

Oltin avlod

1970-yillar Polsha futbolining ayni gullagan davri desak xato bo‘lmaydi. Myunxen olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritgan jamoa tarkibida yosh iqtidorlar Robert Gadox, Yeji Gorgon va keyinchalik mamlakat futboli tarixidagi eng yaxshi futbolchi deya tan olingan Kazimej Deynalar bor edi. 1974-yilgi jahon chempionati arafasida mamlakat termasi yetakchilar qatorida tilga olinar, mashhur murabbiy Kazimej Gurskiy jamoasi tarkibida Deynadan tashqari darvozabon Yan Tomashevskiy, Afrikaning qator terma jamoalaridagi faoliyati bilan mashhur bo‘lgan Xenrik Kasperchak, superto‘purar Gjegoj Lyato, uning sherigi Andjey Sharmax va «polyak Bekkenbaueri» Vladislav Jmuda to‘p surishar edi. Ilk bosqichda Italiya va Argentinani qiyinchiliksiz yengib, keyingi bosqichda musobaqa mezboni GFRga to‘qnash kelishi «oq-qizillar»ning qur’a borasidagi omadi kelmaganidan darak berardi. O‘yinda polyaklar qaqshatqich zarbaga uchrashgan. Musobaqa yakunida bronza medal bilan kifoyalangan Polsha Lyato harakatlari evaziga eng yaxshi to‘purarga atalgan sovrinni ham o‘zi bilan olib ketgan.

Keyingi chempionatlar

Ispaniyadagi chempionatda ham favoritlar safida tilga olingan jamoa dastlabki bosqichda eski tanish «skuadra adzurra»ni ortda qoldirib, ikkinchi bosqichda Belgiya va SSSRga ro‘baro‘ keldi. Yarim finalda esa yana o‘sha italiyaliklarga qarshi maydonga tushgan polyaklar bu safar imkoniyatni boy berishdi. Paolo Rossining dubli Polsha terma jamoasini fransuzlarga qarshi «bronza o‘yini»ga yo‘naltirdi.

1982-yilgi jahon chempionati Antoniy Pexnichek ismli murabbiy va Zbignev Bonek ismli hujumchini dunyoga tanitdi. Vaqt o‘tishi bilan Pexnichekning taktik ishlanmalari himoyadan hujumga o‘tuvchi juda ko‘plab jamoalar uchun muhim qo‘llanmaga aylangan bo‘lsa, Bonek «Roma» va «Yuventus» safida porladi va keyinchalik Polsha futbol federatsiyasi prezidentiga aylandi.

Polsha terma jamoasi uchun XX asrning so‘nggi yirik turniri Meksikada o‘tkazilgan 1986 yilgi jahon chempionati bo‘ldi. O‘shanda 1/8 finalgacha yetib borgan polyaklar Ziko va Sokrates boshchiligidagi Braziliyadan yengilgan edi.

Yangi asr qahramonlari

«Burgutlar»ning yangi asrdagi muvaffaqiyatli yurishlarida mashhur polyak murabbiyi Vlodzimej Smolyarekning o‘g‘li Eusebiush, «Lester» safida Angliya chempionligiga erishgan Marsin Vasilevskiy, Chempionlar ligasida «Real» darvozasiga to‘p kiritgan Yasek Kshinuvek, mahalliy liga to‘purari Matsey Juravskiy, qora tanli hujumchi Emmanuel Olisadebe, kuchli chempionatlardagi mahoratli darvozabonlar Artur Boruts, Lukash Fabianskiy, Voysex Shensniy, Dortmundda porlagan yulduzlar Yakub Blashikovskiy, Lukash Pishek va albatta Robert Levandovskiy nomi bilan bog‘lanadi.

Polyak(mas) yulduzlar

Shu o‘rinda tomirida polyak qoni oqayotgan va dunyoning kuchli terma jamoalarida to‘p surgan va surayotgan mashhur futbolchilar haqida aytib o‘tish insofdan bo‘lardi. Fransuzlarda Raymona Kopa va Loran Koselni, argentinalik Paulo Dibala, Angliya terma jamoasi a’zosi Fil Jagelka va albatta Germaniya terma jamoasi safida porlagan ikki hujumchi Miroslav Kloze va Lukas Podolskilar o‘zini qisman yoki to‘liq polyak millatiga mansub deb hisoblashadi.

Asosiy yulduz

Boshqa variantlar ham bormi? Bugungi kun Polshasini Robert Levandovskiysiz, Robert Levandovskiyni Polsha terma jamoasisiz tasavvur qilish qiyin. Futbol tarixidagi eng tezkor «penta-trik» muallifi yetti yildirki mamlakatning eng yaxshi futbolchisi degan nomni boshqalarga berib qo‘ymayapti. Unga nisbatan kimsan Zbignev Bonek ham shirin so‘zlarini ayamay, Robertni Polsha futboli tarixidagi to‘purar Kazimej Deyna bilan tenglashtirmoqda.

Hammasi «Visla»dagi ko‘rikdan boshlangan. O‘shanda jamoa murabbiylari Smuda va Navalka Levandovskiy suratida kelajagi yo‘q «to‘nka»ni ko‘rishdi. Dushman jamoa — Varshavaning «Legiya»siga o‘tgan bechora Robert ijaraga berib yuborildi. Keyinchalik «Znich» tarkibida mamlakat ikkinchi ligasi to‘purariga aylangan Robertni yirik mahalliy nashrlardan biri «yil kashfiyoti» unvoni bilan siyladi. «Lex» sharafini himoya qilish uchun Poznanga yo‘l olgan Robert birinchi mavsumdayoq to‘purarlar qatoridan o‘rin oldi. Yevropaning kuchli jamoalaridan «sovchi»lar kelayotgan bir paytda «Zenit» va «Shaxtyor» klublarining vakillariga rad javobi berildi. Chunki Robert bilan kimsan Yurgen Kloppning «Borussiya»si qiziqayotgan edi.

Levandovskiyning «Borussiya» bilan Yevropa chempionlar ligasining finaliga qadar yetib borishi, yo‘l-yo‘lakay «Real» darbozasiga kiritgan «poker»i unga bo‘lgan qiziqishni orttirib yubordi. Polshalik hujumchining Germaniyadan tashqariga chiqish niyati yo‘q edi, ammo o‘sish uchun shu yerning o‘zida ham yaxshi variant bor – «Bavariya»! U ham jamoadoshlari Mats Xummels va Mario Gyotselar qilgan ishni qildi va myunxenliklar safida Luka Toni va Miroslav Klozedan keyin bo‘shab qolgan yaqqol hujumchi pozitsiyasini egalladi. Robert terma jamoada asosiy figura, shu ketishda u Lyato va Deyna rekordlarini ham yangilashi aniq. To‘purarlik qobiliyati tufayli u ketma-ket ikkita saralash bahslarida eng yuqori natijani ko‘rsatdi.

Tez orada Levandovskiy «Bavariya»ni tark etsa kerak. Karim Benzemaga o‘rinbosar qidirayotgan «Real» Mauro Ikardi variantidan bugungi qahramonimiz foydasiga qaror qabul qilishi kutilmoqda. Robert ham bunga qarshi emas...

Saralash bahslari

Qur’a arafasida 3-savatchadan o‘rin olgan polyaklar guruhda o‘zlaridan kuchliroq bo‘lgan kamida ikki jamoa bilan bahslashishlari mumkin edi. Omadli qur’a Adam Navalka shogirdlarini inqirozli davrini boshdan kechirayotgan ikki terma jamoa – Ruminiya va Daniyaga ro‘baro‘ qildi. Dastlabki turdagi qoqilish «burgutlar» ustidan sovuq suv quygandek bo‘ldi. Qozog‘iston bilan bahsda tayyor g‘alabani qo‘ldan chiqargan polyaklar keyingi beshta turni g‘alaba bilan yakunlashdi. Kamiga, asosiy raqib sifatida ko‘rilgan ruminlar darvozasiga har ikkala o‘yinda ham uchtadan to‘p kiritildi. 

Kopengagendagi yirik mag‘lubiyat Polsha terma jamoasi futbolchilarini tushkunlikka tushirib qo‘ymadi, aksincha, keyingi turlarda arman, qozoq va chernogoriyalik raqiblarini yengib muddatidan oldin jahon chempionatiga yo‘llanmani naqd qilishdi. Ayniqsa, «oq-qizillar» sardori Robert Levandovskiyning omadi keldi. U saralash o‘yinlari davomida 16 ta gol kiritib, osiyolik hamkasblari Muhammad Sahlaviy va Ahmad Xalil bilan birgalikda to‘purarlar musobaqasi g‘olibi bo‘ldi.

So‘nggi beshta o‘yin

Sana

Raqib

Hisob

Gol

mualliflari

Shahar

1

2017-yil 7-oktyabr

Chernogoriya

4:2

Monchinski,

Grositski,

Levandovskiy,

Stoykovich

Varshava, Polsha

2

2017-yil 10-noyabr

Urugvay

0:0

Varshava, Polsha

3

2017-yil 13-noyabr

Meksika

0:1

Gdansk, Polsha

4

2018-yil 23-mart

Nigeriya

0:1

Vrotslav, Polsha

5

2018-yil 27-mart

Janubiy Koreya

3:2

Levandovskiy,

Grositski,

Zelinski

Xojuv,

Polsha

Raqiblar

Qur’ada birinchi savatdan o‘rin olgan polyaklar kamida guruhdan chiqishni niyat qilgan bo‘lsalar ajabmas. Ammo tarkibidagi futbolchilardan uchta jamoa yasash mumkin bo‘lgan Kolumbiya, Osiyo va Afrika yetakchilari Yaponiya va Senegal Rossiyaga muzqaymoq yeyish uchun kelmasliklari aniq.

Polsha terma jamoasi guruh o‘yinlarida Sochidagi stadionda birorta o‘yin o‘tkazmasa-da, aynan kurort shaharni jahon chempionati davomida o‘zlariga maskan sifatida tanlashgan. Bevosita o‘yinlarga kelsak, ilk bahsda afrikaliklarga qarshi «Spartak» stadionidagi o‘yin balki keyinchalik asosiy maqomiga ko‘tarilar. Chunki guruh favoriti Kolumbiya bilan ikkinchi turda bo‘ladigan o‘yin ko‘p narsani hal qiladi. So‘nggi turdagi o‘yin «samuraylar»ga qarshi Volgograd shahrida o‘tkaziladi.

Yevropaliklar shu kungacha Yaponiyaga qarshi bir marta, u ham bo‘lsa o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushishgan. 2002 yilgi chempionat arafasida o‘tkazilgan bahsda Xidetoshi Nakata va Naoxiro Takaxaraning gollari evaziga «samuray»lar g‘alaba qozongan. Xuddi shunday holat va natija Kolumbiya-Polsha o‘yinida ham kuzatilgan. 2006 yili uy uchrashuvida Ireneush Yelenaning chiroyli goli ham polyaklarning mag‘lubiyatdan qutulib qolishi uchun yetarli bo‘lmagan. Ilk bor uchrashayotgan Senegal-Polsha jamoalari safida nasib qilsa Levandovskiy-Mane to‘qnashuvini kuzatamiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring