Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Sergey Lavrovni qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev Sergey Lavrovni qabul qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun, 16 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Sergey Lavrovni qabul qildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv avvalida Prezidentimiz strategik sheriklik va ittifoqchilikka asoslangan ikki tomonlama munosabatlarning rivojlanish sur’ati tobora ortib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Oliy darajadagi muloqot muntazamlik kasb etgani, o‘zaro almashinuvlar misli ko‘rilmagan darajada faollashgani, ko‘p qirrali hamkorlik, avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiya, energetika, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalar, ta’lim va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda kengayib borayotgani bundan dalolat beradi.

Sergey Lavrov samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi hamda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning dildan salomlarini yetkazdi. Ikki rahbarning mamlakatlarimiz o‘zaro hamkorlikda bugungi darajaga erishishidagi hal qiluvchi roli alohida qayd etildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston-Rossiya munosabatlarining dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik mavzular yuzasidan fikr almashildi.

Joriy yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring