Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Emomali Rahmonni yubiley yosh – 70 yoshga kirgani bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev Emomali Rahmonni yubiley yosh – 70 yoshga kirgani bilan tabrikladi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonga uning tug‘ilgan kuni munosabati bilan tabrik telegrammasi jo‘natdi. Shuningdek, o‘zaro telefon muloqoti ham bo‘lib o‘tgan.

«Hurmatli Emomali Sharipovich!

Aziz birodarim!

Siz Janobi Oliylariga 70 yoshingiz munosabati bilan samimiy tabrik va ezgu tilaklarimni bildirishdan chin qalbimdan xursandman.

Biz sizni zamonaviy Tojikistonning atoqli davlat arbobi, xalqingizning buyuk farzandi va yurtingiz tinchligi va farovonligi yo‘lida katta matonat bilan mehnat qilayotgan haqiqiy rahbar sifatida bilamiz.

Sizning uzoqni ko‘ra oluvchi va oqilona siyosatingiz samarasida xalqning turmush darajasi yuksalib, mamlakatingiz barcha sohalarda salmoqli yutuqlarga erishmoqda, xalqaro maydonda davlat nufuzi yuksalib bormoqda.

So‘nggi yillarda amalga oshirilgan oliy darajadagi tashriflar, o‘zaro hurmat va qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga asoslangan faol muloqotimiz strategik sheriklik munosabatlarini mutlaqo yangi bosqichga – ittifoqchilik munosabatlariga olib chiqdi.

Shubhasiz, bizning qat’iy siyosiy irodamiz va o‘zaro sa’y-harakatlarimiz tufayli O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar bundan buyon ham barcha sohalarda abadiy do‘stlik, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik ruhida rivojlanadi.

Hurmatli Emomali Sharipovich!

Sizni hayotingizdagi unutilmas kun – shonli yubiley bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklab, sizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt va mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, qardosh Tojikiston xalqiga tinchlik, osoyishtalik va doimiy taraqqiyot tilayman», – deyiladi telegrammada.

Mirziyoyev va Emomali Rahmon o‘rtasidagi telefon orqali muloqotda esa O‘zbekiston rahbari tojikistonlik hamkasbini yubileyi bilan yana bir bor samimiy va qizg‘in tabriklab, unga mustahkam sog‘lik va Tojikiston xalqi farovonligi yo‘lidagi mas’uliyatli davlat faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

Suhbat chog‘ida, shuningdek, Tojikiston-O‘zbekiston hamkorligiga oid keng ko‘lamli masalalar yuzasidan ham fikr almashilgan.

Shu bilan birga, yaqinda Tojikiston-O‘zbekiston munosabatlarini strategik sheriklik va ittifoqchilik formatida rivojlantirish borasida erishilgan ijobiy natijalardan mamnunlik izhor etilib, davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi ayrim dolzarb masalalarni ham ko‘rib chiqishgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring