Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Saylovlarning teatrlashtirilgani haqidagi xabarlar noxolis...» — Islom akademiyasi o‘qituvchisi

«Saylovlarning teatrlashtirilgani haqidagi xabarlar noxolis...» — Islom akademiyasi o‘qituvchisi
So‘nggi vaqtlarda turli ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan saylovoldi jarayonlarni teatrlashgan sahnaga qiyoslash, bunday tadbirlarda qatnashish uchun aholi majburlanayotganligi, ayniqsa, O‘zLiDePdan boshqa partiyalarning saylovoldi uchrashuvlariga aholining qiziqmayotganligi va mutassaddilar tomonidan ularni qatnashish uchun majburiy choralar ko‘rilayotganligi haqida turli mish-mishlar, ba’zi noxolis va asoslanmagan xabarlar tarqalayotganligi haqida xabarlar uchray boshladi. Endi ushbu xabarlarni birma-bir tahlil qilsak.
 
O‘zbekiston saylov qonunchiligida nomzodlar va ularning ishonchli vakilllarining saylovchilar bilan uchrashuvlari borasidagi huquqiy me’yorlar qat’iy belgilab qo‘yilgan. Ayniqsa, shu kunlarda bo‘lajak saylovlarga jamoatchilikning qiziqishi ham o‘zining avj pallasiga bo‘y cho‘zmoqda. Ko‘cha-kuyda, mahallalarda, to‘yu-tomoshalar deymizmi, choyxonalarda odamlarning saylov masalalarini muhokama qilayotganliklariga ko‘p bora duch kelyapmiz va bu holat aslida tabiiy jarayon sifatida qaralmog‘i kerak. Chunki, jamiyatning siyosiy madaniyati va ongi yuksalib borayotgan bunday sharoitda, odamlar saylovoldi jarayonlarni anglashi, qaror qabul qilishlari uchun kerakli ma’lumotlarni, axborotlarni biz yuqorida sanab o‘tganimiz, turli an’anaviy kanallar orqali olishi ham davom etmoqda. Turli OAVlar bilan bir qatorda, paydo bo‘lganligiga unchalik ko‘p bo‘lmagan axborot tarmoqlari, aniqrog‘i, ijtimoiy tarmoqlarning ham bu jarayonlaridagi roli alohida bo‘layotganligini e’tirof etish joiz.
 
Ma’lumki, saylovoldi jarayonlar bu safar juda qizg‘in va turli siyosiy jarayonlarga boyligi bilan o‘tgan galgi barcha saylovlardan alohida ajralib turibdi. Beshta partiyaning har biri o‘z nomzodini ilgari surganligi, ularning esa har biri davlat va jamiyat boshqaruvida, ilm-fan va siyosat sohasida taniqli, o‘z o‘rniga ega, ijtimoiy-siyosiy faol yetakchilar ekanligini ham e’tirof etish kerak. Ularning har biri respublikamizning turli hududlariga borib, saylovchilar bilan uchrashayotganliklari, shuningdek, ularning ishonchli vakillari tomonidan ham targ‘ibot-tashviqot ishlari samarali olib borilayotganligiga guvoh bo‘lyapmiz. Eng qizig‘i, bunday tadbirlarda qatnashish uchun jamoatchilikning oqib kelayotganligidir.
 
Odamlar har bir nomzodning o‘zini tutishi, gap-so‘zlarining salmog‘i, berayotgan va’dalarining hayotiyligini o‘zlaridan eshitib tahlil qilayotganliklarini, nomzodlarni bir-birlari bilan solishtira olish imkoniyatiga ega bo‘lganliklari ham bu yilgi saylov jarayonlarining asosiy ustun tomonlaridan biri desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Nomzodlar bilan uchrashuvlarning tashkil qilinishi, ular bilan savol-javoblar, ularning dasturlarini tinglash, uchrashuvlarning formati, aholi o‘zini qiziqtirgan muammolar, masalalar yuzasidan nomzod bilan suhbatlashishi va xokazolar saylov jarayonlariga alohida mazmun bag‘ishlamoqda.
 
Nomzodlarning saylovoldi uchrashuvlarida ilgari surayotgan g‘oyalari, maqsadlari ham turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Jamoatchilik gohida ularning nutqlarida shunchaki populizm borligini anglab yetayotgan bo‘lsa, gohida ularning va’dalariga ishonayotganliklarini va ularni turli ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilayotganliklarini ko‘rib turibmiz.
 
Misol uchun, Milliy tiklanish Demokratik partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov saylovoldi targ‘ibot ishlarida o‘zining asosiy raqobatchisi sifatida Shavkat Mirziyoyevni ko‘rayotganligi jamoatchilik tomonidan istehzo bilan kutib olingan va ko‘plab mutoyibalarga sabab bo‘lgan bo‘lsa, Xalq demokratik partiyasi nomzodi Maqsuda Vorisovaning davlat tomonidan narx-navo ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilishi borasidagi tashabbuslari ham turli qatlamlar tomonidan turlicha muhokamalarga sabab bo‘ldi.
 
Adolatchi Bahrom Abduhalimovning Sitilardan tortib, monopoliyalarni tugatishgacha bo‘lgan tashabbuskor chiqishlari jamoatchilik tomonidan ishonqiramagan holatda kutib olindi va nomzodga «ilmu-fan sohasining odami», shuning uchun davlat va jamiyat boshqaruvidan «yiroqroq» yetakchi sifatida yondashildi. Mamlakatning butun hayotini Ekologiya bilan bog‘laydigan, atrof-muhit va tabiatni asrashga qat’iy bel bog‘lagan yetakchi, Ekologik partiya nomzodi Narzulla Oblomurotovga odamlarning qiziqishi bir muncha ortdi. Lekin uning «Yashil iqtisodiyot» borasidagi qarashlari jamoatchilikning e’tiborini to‘liq o‘ziga torta olmadi va «bahsli masalalar» qatoridan o‘rin olmoqda.
 
O‘zLiDeP nomzodi Shavkat Mirziyoyevning saylovchilar bilan uchrashuvlari esa eng qizg‘ini bo‘layotganligini, buning asosiy sababi sifatida milliy mentalitet, ikkinchidan, mamlakatning rahbari bilan uchrashuvga ommaning o‘ta qiziqishi, ommaning bunday tadbirlarga oqib kelishi fonida ro‘y bermoqda va bu ham tabiiy.
 
Ammo, boshqa to‘rt nomzodning chiqishlari, xalq bilan uchrashuvlari borasida tarqalayotgan turli noxolis axborotlar esa ijtimoiy tarmoqlarning ba’zi foydalanuvchilari tomonidan «shov-shuv» tarzida ko‘tarilmoqda. Gohida nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlari uchun odamlar majburan jalb qilinayotganligi, ularning hammasi oldindan rejalashtirilgan, sahnalar maxsus tayyorlanganligi haqida, odamlarning ensasini qotiradigan kulgili xabarlarga ham duch kelyapmiz va buni ham har qanday saylov jarayonida ro‘y beradigan tabiiy jarayon sifatida qaraymiz.
 
Demak, yuqoridagi voqeliklardan shunday xulosaga kelish mumkinki, siyosiy partiyalar tomonidan o‘tkazilayotgan saylovoldi tadbirlarga aholining majburan jalb qilinayotganligi, ularning teatrlashgan sahnalardagidek tomosha uyushtirilayotganligi haqidagi axborotlarning barchasi noxolis va asoslanmagan. Bunday xabarlar maqsadga yo‘naltirilganligi, O‘zbekistonda saylovoldi jarayonlarini obro‘sizlantirishga qaratilganligi, mamlakat saylov qonunchiligi va siyosiy partiyalar yetakchilari va nomzodlarining sha’niga xald qilishni maqsad qilganligini anglab yetmog‘imiz lozim!
 
Bektosh Berdiyev,
O‘zbekiston Xalqaro Islom akademiyasi katta o‘qituvchisi.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring