Prezidentning yangi matbuot kotibi ilk brifingini o‘tkazdi
O‘tgan haftada Prezident Adminstratsiyasi rahbarining o‘rinbosari – Prezident matbuot kotibi etib tayinlangan Sherzod Asadov mahalliy va xorijiy jurnalistlar uchun ilk brifingini o‘tkazdi.
Unda joriy haftada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirok etadigan xalqaro rasmiy tadbirlar haqida OAV vakillariga qisqacha ma’lumot berildi.
Qayd etilishicha, yangi matbuot kotibi endi tez-tez shu formatda jurnalistlar bilan uchrashib turadi.
Avval ma’lum qilinganidek, bugun Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keladi.
Ertaga Ko‘ksaroyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Ushbu muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Tashrif doirasida iqtisodiyot, energetika, ta’lim, madaniyat, hududlararo hamkorlik, bandlik masalalari bo‘yicha 10 ga yaqin hujjat imzolanishi kutilmoqda.
Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban poytaxtimizdagi ilmiy-tadqiqot va tarixiy ob’yektlar bilan ham tanishadi. Tashrif 31 mart kuni yakunlanadi.
Brifingda shu hafta bo‘lishi kutilayotgan yana bir tadbir – Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining norasmiy sammiti haqida ham ma’lumot berildi. Ushbu tadbir 31 mart kuni Qozog‘istonning Turkiston shahrida bo‘lib o‘tishi kerak edi. Faqat butun dunyodagi epidemiologik vaziyat tufayli bo‘lajak sammit o‘sha kuni videokonferensiya tarzida o‘tkaziladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu sammitda ishtirok etadi va nutq so‘zlaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter