Prezident matbuot kotibi Sirdaryo viloyatidagi portlash bo‘yicha izoh berdi
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Sirdaryo viloyatidagi harbiy qurol-yarog‘ saqlanadigan omborlardan biridagi portlash haqida ma’lumot berib o‘tdi.
— Bunday texnogen xarakterdagi hodisalar haqida Prezidentga zudlik bilan xabar beriladi. Ushbu vaziyatda ham davlat rahbariga tezlikda axborot berildi va Prezidentimiz tomonidan tegishli tashkilot hamda idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh hodisa joyiga yuborildi.
Ishchi guruh darhol talofotlar tahlili bilan shug‘ullandi. Bundan tashqari Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov hamda viloyat hokimi boshchiligida maxsus komissiya tuzilib, talofotlar oqibatini tezda bartaraf etish bo‘yicha ish boshlandi.
Bu o‘rinda eng avvalo aholi xonadonlarini zudlik bilan ta’mirlash hamda tadbirkorlar faoliyatini tezda qayta yo‘lga qo‘yish vazifasi qo‘yildi. Faol harakatlar natijasida oxirgi bir sutkada 10 ming kvadrat metrdan ziyod oyna yetkazib berildi va bundan tashqari aholi va tadbirkorlarga tegishli binolarning tom qismi deyarli to‘liq ta’mirlandi.
Portlash natijasida 17 kishi jarohatlangan edi, ayni vaqtda kasalxonada 7 kishi davolanmoqda va ularning barchasi harbiylar bo‘lib, tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan barcha hamyurtlarimizga ko‘mak berilib, uyiga yuborilgan.
Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tishni istardim, OAV va blogerlar tomonidan turli savollar paydo bo‘lmoqda — yakka portlash nima degani o‘zi? Yakka portlash — keyinchalik hech qanday detonatsiya bermaydigan portlashdir.
Texnogen xodisa ro‘y bergan ombor XX asrning 40 yillarida qurilgan bo‘lib, ilgari texnik qoidalarga ko‘ra bunday omborlarda katta qurol yarog‘ saqlanar edi. Ammo 2016 yildan so‘ng Prezidentimiz topshirig‘iga ko‘ra barcha omborlar rekonstruksiya qilinmoqda. Barchasining atrofida jahon standartlariga ko‘ra kichik omborlar qurilmoqda va ularda kam miqdorda qurol-yarog‘ saqlanmoqda.
Barcha ob’yektlarda jahon standartlariga ko‘ra qo‘yiladigan talab asosida injener-muhandislik ishlari olib borilmoqda. Natijada portlash sodir bo‘lgan taqdirda ham imkon qadar zarar keltiruvchi jismlarning atrofga sochilishining oldi olinadi.
Sirdaryo viloyatidagi portlash ham shunday omborlardan birida sodir bo‘lgan va xavfsizlik talablariga amal qilingani tufayli katta talofot bo‘lmadi. Asosiy zararlanish ham yon-atrofdagi binolarning tom va oyna qismiga to‘g‘ri kelgan. Ya’ni, portlash to‘lqini tufayli binolarga qisman zarar yetsa ham, turli jismlar tarqashining oldi olindi.
Bo‘lib o‘tgan hodisa yuzasidan hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda va bunga olib kelgan barcha omillar inobatga olinib, keng jamoatchilikka e’lon qilinadi. Ushbu holat Prezidentimiz nazoratidagi masaladir, — dedi Sherzod Asadov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter