Davlat tashkilotlarida qisqartirish ketayotgani haqidagi xabarlarga izoh berildi

Prezident matbuot kotibi ijtimoiy tarmoqlarda Prezident Administratsiyasida shtat birliklari kamida 50 foizga, boshqa davlat tashkilotlarida ham qisqartirish bo‘lishi haqida tarqalayotgan xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi.
Sherzod Asadovga ko‘ra, mazkur ma’lumotlar rasman tasdiqlanmagan va barcha darajalardagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida, shu jumladan Prezident Administratsiyasidan tortib quyi tashkilotlargacha bo‘lgan barcha idoralarda shtat birliklarini maqbullashtirib borish ishlari bu - doimiy jarayon hisoblanadi.
«Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – bir-birini takrorlovchi funksiyalarni qisqartirish, davlat boshqaruvi tizimi va davlat xizmatchilarining faoliyati samaradorligini oshirish, barcha idoralarda budjet mablag‘laridan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanishni ta’minlash.
Bu jarayonning hajmi va ko‘lami qay darajada bo‘lishi, mazkur yo‘nalishda tegishli o‘rganish va tahlillar o‘tkazilganidan keyingina ma’lum bo‘ladi», – deb yozadi Asadov.
O‘z navbatida, OAV, blogerlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan bu mavzuga doir xabarlarni tarqatishda faqat rasmiy manbalarga tayanishlari so‘ralyapti.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter