O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi mumkin
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin muzokaralarni rasmiy delegatsiyalar ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar.
Muzokaralarda O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovlik strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalari batafsil muhokama qilindi.
Ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi yuksak darajasi va o‘ziga xosligi, davlatlararo hamkorlikning barcha soha va yo‘nalishlarini qamrab olganligi mamnuniyat bilan ta’kidlandi.
– Sizning davlat tashrifingizni haqli ravishda tarixiy deb atash mumkin. Bu tashrif mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarida yangi bosqichni boshlab bermoqda, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Muzokaralar davomida tomonlar parlamentlar, hukumatlar, vazirliklar, idoralar, hududlar, jamoatchilik, ekspertlar va ishbilarmon doiralar darajasidagi faol aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar.
Bu maqsadda Bosh vazirlar darajasidagi Qo‘shma komissiya va Hukumatlararo komissiyaning imkoniyatlaridan to‘liq foydalaniladi, ularning navbatdagi yig‘ilishlari shu yil oxirigacha o‘tkaziladi.
Shuningdek, muntazam siyosiy maslahatlashuvlarni, BMT, MDH, ShHT kabi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar hamda boshqa ko‘p tomonlama platformalar doirasida yaqin hamkorlikni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.
O‘zaro savdo aylanmasining barqaror sur’ati mamnuniyat bilan ta’kidlandi. So‘nggi 7 yilda u 2,5 barobar oshdi. Tomonlar yangi maqsadli ko‘rsatkichga - yaqin istiqbolda savdo hajmini 30 milliard dollarga yetkazishga kelishib oldilar.
Ushbu vazifani amalga oshirishga ko‘maklashish uchun Rossiyada O‘zbekistonning to‘laqonli savdo vakolatxonasi tashkil etiladi.
Bugungi sammitga energetika, metallurgiya, neft-kimyo, mashinasozlik, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi, logistika, farmatsevtika, sun’iy intellekt va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda 20 milliard dollardan ortiq qiymatda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalari tayyorlandi.
Bu kabi loyihalarni ilgari surish uchun qo‘shma Investitsiya platformasi ishga tushiriladi.
Energetika sohasida gaz tashish tizimini modernizatsiya qilish, gaz, neft va neft mahsulotlari yetkazib berish hajmini oshirish, uglevodorodlarni qayta ishlash loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Bundan tashqari, tashrif doirasida O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar imzolanadi.
Hududlar o‘rtasidagi hamkorlik ham jadal rivojlanib borayotgani alohida ta’kidlandi. O‘tgan hafta O‘zbekistonning barcha hududlari rahbarlari tashrif bilan Rossiyada bo‘ldilar. Bugun davlat rahbarlari raisligida O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining birinchi majlisi bo‘lib o‘tadi.
Oziq-ovqat xavfsizligi, innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, migratsiya kabi qator muhim yo‘nalishlar ham ko‘rib chiqildi.
Madaniyat va san’at, fan, sog‘liqni saqlash, turizm, yoshlar va sport sohalarida faol almashinuvlar davom ettiriladi.
Tomonlar O‘zbekistonda Bauman nomidagi Moskva texnika universiteti va Butunrossiya tashqi savdo akademiyasi filiallarini ochish bo‘yicha kelishuvlar erishilganini olqishladilar.
Uchrashuv chog‘ida delegatsiya a’zolarining qisqa hisobotlari, turli sohalarda amaliy hamkorlik bo‘yicha aniq takliflari tinglandi.
Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari har bir yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirish mexanizmlari nazarda tutilgan «yo‘l xaritalari»ni qabul qilishga topshiriq berdilar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter