Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston va Turkmaniston prezidentlari dolzarb masalalarni ko‘rib chiqishdi

O‘zbekiston va Turkmaniston prezidentlari dolzarb masalalarni ko‘rib chiqishdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

11-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Turkmaniston yetakchisi va qardosh turkman xalqini ushbu mamlakat Betarafligining 25 yilligi bilan samimiy muborakbod etib, tinchlik, farovonlik, taraqqiyot va ravnaq tiladi.

Muloqot chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikka oid va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.

Prezidentlar O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarida yuksak darajaga erishilgani va bugun ular jadal sur’atda rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Savdo, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport va tranzit, hududlararo rishtalar va gumanitar dasturlar kabi muhim sohalardagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.

Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash borasida amaliy aloqalarni yo‘lga qo‘yish va qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish bo‘yicha kelishib olindi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni so‘zsiz ro‘yobga chiqarishda qo‘shma Hukumatlararo komissiyaning samarali ishi va faol idoralararo muloqot muhim o‘rin tutishi alohida ta’kidlandi.

Davlat rahbarlari jahondagi vaziyat yuzasidan fikr almashdilar, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi an’anaviy yaqin muloqotlarni va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga kelishib oldilar.

Prezidentlar mintaqaviy hamkorlik istiqbollariga alohida to‘xtaldilar, shuningdek, bo‘lajak MDH sammitiga tayyorgarlikni muhokama qildilar.

Xabarga ko‘ra, suhbat har doimgidek samimiy va do‘stona ruhda o‘tdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring