Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida munosabatlar o‘rnatilganiga 32 yil bo‘ldi

O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida munosabatlar o‘rnatilganiga 32 yil bo‘ldi

Saudiya Arabistonining elchisi Yusuf bin Solih Al-Gahra Al-Utaybiyning ma’lum qilishlaricha, Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992-yilning 20-fevralida o‘rnatilgan.

Saudiya Arabistoni Podshohligi birinchilar qatorida O‘zbekiston mustaqilligini e’tirof etgan. O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimovning 1992-yil aprelda Saudiya Arabistoniga amalga oshirgan tashrifi mustaqil O‘zbekiston rahbarining xorijga ilk tashriflaridan bo‘lgan.

O‘ttiz yildan keyin O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari tomonidan 2022-yilning 17 – 18-avgustida Podshohlikka amalga oshirilgan tarixiy tashrif va valiahd shahzoda, Vazirlar Mahkamasi raisi Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Hazrati Oliylari bilan o‘tkazilgan muzokaralar ikkiyoqlama aloqalar tarixidagi hamkorlikni yuqori darajalarga ko‘tardi va faollashtirdi. Qator bitimlar va hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Elchi Janobi Oliylari O‘zbekiston bo‘yicha taassurotlari katta ekanligi, bu o‘lka tarixi va farzandlarining turli sohalar rivojiga hissalarini ta’kidlab, mamlakatning turizm sohasidagi imkoniyatlarini ko‘rsatib o‘tdi.

Podshohlikning «2030 yilga nigoh» strategiyasi va «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi o‘rtasida hamohanglik kuzatiladi. Mazkur strategiyalar turli sohalarda o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga ham xizmat qiladi. Misol tariqasida Podshoh Saud universiteti rektori va Umm al – Qura universiteti rektori o‘rinbosari O‘zbekistonga, Toshkent davlat sharqshunoslik  universiteti rektori Podshohlikka tashrif buyurdilar. Podshoh Saud universiteti va Toshkent davlat sharqshunoslik  universiteti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. U o‘zaro tajriba, o‘qituvchilar va talabalar bilan almashish, arab tilini o‘qitishda hamkorlikni ko‘zda tutadi. Podshoh Salmon nomidagi akademiya O‘zbekistondagi ta’lim dargohlarida arab tili bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etmoqda.

O‘z so‘zida Elchi Janobi Oliylari Podshohlikda o‘qishni istagan kishi «Saudiya Arabistonida tahsil ol» platformasiga kirishi va ta’lim olish uchun xohlagan yo‘nalishini tanlashi mumkinligini bildirdi.

Shuningdek Elchi Janobi Oliylari Saudiya Arabistonining xalqaro maydon va mintaqadagi o‘rniga to‘xtalib, «G20»  davlatlaridan biri ekani va ushbu guruhning 2020-yildagi sammitiga mezbonlik qilganini ko‘rsatib o‘tdi.

2023 yilning iyulida Jidda shahrida Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi va Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlarining birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. Podshohlik ko‘plab xalqaro munosabatlarga mezbonlik qilmoqda va qiladi. Jumladan, 2027-yilda futbol bo‘yicha Osiyo birinchiligi, 2030 yilda «EKSPO - 2030», 2034-yilda  futbol bo‘yicha Jahon birinchiligi hamda boshqa turli anjumanlar, forumlar, konferensiyalar va ko‘rgazmalar o‘tkaziladi.  

Elchi Janobi Oliylari bugungi kunda Saudiya Arabistoni Podshohligining O‘zbekiston Respublikasidagi investitsiyalari hajmi 20 mlrd. AQSh dollaridan oshgani, infrastruktura, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, qurilish va boshqa sohalarga investitsiya qilish imkoniyatlari kattaligini bildirdi. 

Suhbat asnosida  Elchi Janobi Oliylari ikki mamlakat o‘rtasida investitsiya, iqtisod va savdo sohalarida aloqalarni kengaytirish maqsadida 2023 yilning dekabrida saudiya – o‘zbek qo‘shma komissiyasining 6 – yig‘ilishi va Ishbilarmonlar kengashining 5 – yig‘ilishi bo‘lib o‘tganini qayd etdi.  

Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi o‘zaro hamkorlikda muhim o‘rin tutadi. Shu kunga qadar jamg‘arma O‘zbekistondagi turli sohalardagi 13 loyihaga 360 million AQSh dollari ajratgan.

Bundan tashqari taraqqiyot jamg‘armasi tuzilib, uning sarmoyasi 100 million AQSh dollarini tashkil etadi.

Bugungi kunda o‘zaro faol aviatashuvlar yo‘lga qo‘yilib, haftasiga 25 reys amalga oshirilmoqda. Xususan, Saudiya Arabistonining «Fly nas» aviakompaniyasi haftasiga 8 reysni ado etmoqda. Mazkur reyslar o‘zbekistonliklarning Podshohlikka borishlariga qulaylik tug‘dirib, Umra manosiklari ado etishlari yoki sayohat qilishlarini osonlashtirmoqda. Elchi Janobi Oliylari ikki mamlakat o‘rtasida sayohatchilar sonining oshishi va turizm rivojlanishiga intilishlarini ta’kidladilar.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring