O‘zbekiston harbiy kadrlarni tayyorlashda Hindiston bilan hamkorlikni kuchaytirmoqchi
O‘zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov Hindiston mudofaa vaziri Rajnatx Singx boshchiligidagi delegatsiya vakillarini qabul qildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.
Uchrashuv davomida ikki mamlakat mudofaa idora rahbarlari mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyatni muhokama qilib, xalqaro tinchlikni ta’minlash borasidagi hamkorliklarga ahamiyat qaratdilar.
Muzokaralar davomida oliy harbiy ta’lim muassasalarida harbiy kadrlarni tayyorlash hamda harbiy tibbiyot mutaxassislari malakasini oshirish va soha sifatini yanada mustahkamlash yuzasidan hamkorlik masalalari muhokama qilindi. So‘ng Hindiston harbiy delegatsiyasi Qurolli Kuchlar akademiyasiga tashrif buyurdi.
Ular akademiya tarixi muzeyi va o‘quv-moddiy bazasi, shuningdek u yerda yaratilgan sharoitlar, ob’yektlari, infratuzilmasi va o‘quv-tarbiyaviy jarayoni bilan tanishdi. Qurolli Kuchlar akademiyasi va Hindiston Mudofaa boshqaruv kolleji o‘rtasida o‘rnatilgan videokonferensaloqa ushbu tashrifning muhim voqeasi bo‘ldi.
Ikki davlat Mudofaa vazirlari hamda ilmiy-pedagogik kadrlarining zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda olib borgan muloqotlari hamkorlikni rivojlantirishning, harbiy ta’lim, ilm sohasida tajriba va axborot almashuvning keng imkoniyatlarini ko‘rsatdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter