Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda 3,5 million yevrolik loyihalar ishga tushirildi — YI

O‘zbekistonda 3,5 million yevrolik loyihalar ishga tushirildi — YI

O‘zbekistonda Yevropa Ittifoqining granti asosida umumiy qiymati 3,5 million yevrodan ortiq bo‘lgan 8 ta tashabbus amalga oshiriladi. Bugun, 3 aprel kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan «YeIning O‘zbekistondagi fuqarolik jamiyati tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlashi» mavzusidagi anjumanda loyihalarga start berilgani ma’lum qilindi.

O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha e’lon qilingan tanlov yakunida g‘olib deb topilgan loyihalar muhim yo‘nalishlarni qamraydi.

«Bugun YeI tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihalarning ishga tushirilishi O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha sa’y-harakatlarimizning bir qismidir. Bizning joriy sa’y-harakatlarimiz fuqarolik jamiyati tashkilotlarining imkoniyatlarini kengaytirish, inklyuzivlik, faollik va demokratiyani rivojlantirishga qaratilgan. Biz ayollar, bolalar va himoyaga muhtoj guruhlar uchun loyihalarga ustuvor ahamiyat qaratgan holda, ularning ovozini yanada kuchaytirib, inklyuziv taraqqiyotni targ‘ib qilmoqdamiz», – dedi YeIning yurtimizdagi elchisi Sharlotta Adrian xonim.

Diplomatning ta’kidlashicha, YeI O‘zbekistondagi islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlab, fuqarolik jamiyati va davlat hamkorligida demokratiyaning muhim sharti bo‘lgan plyuralizm va inklyuzivlikka hissa qo‘shishda davom etadi.

2024-2026 yillarda amalga oshiriladigan grant loyihalari fuqarolik jamiyati tashkilotlarining inklyuziv taraqqiyot, gender tengligini targ‘ib qilish, «yashil» kun tartibini ilgari surish kabi masalalar bo‘yicha salohiyatini oshiradi.

AFEW International tomonidan amalga oshirilayotgan loyiha Samarqand, Namangan va Toshkent shaharlarida ayollar va yoshlar bilan ishlayotgan fuqarolik jamiyati tashkilotlarini kuchaytirishga yo‘naltirilgan.

Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hamkorlik tashkiloti amalga oshirayotgan loyiha esa «O‘zbekistonning ayrim hududlarida inson huquqlari, ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlar va atrof-muhitni targ‘ib qilish va himoya qilish uchun fuqarolik jamiyatlarining imkoniyatlarini kengaytirish» deb nomlanadi.

Saferworld tomonidan amalga oshirilayotgan loyiha O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati tashkilotlari va davlat organlari o‘rtasidagi muvofiqlashtirish faoliyatini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Malmyodagi Xalqaro xotin-qizlar uyushmasi (IKF Malmö) amalga  tatbiq etadigan loyihadan ko‘zlangan maqsad esa yashil va aylanma iqtisodiyot tarmoqlarida ayollar va yoshlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishdan iboratdir.

Bundan tashqari, Deutsche Welle, DVV International Uzbekistan, Kichik va o‘rta korxonalar uyushmalarining Yevropa konfederatsiyasi (CEA-PME), MARTA markazi kabi tashkilotlar tomonidan ham dolzarb mavzulardagi dasturlar amalga oshiriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring