Bojxona organlarining mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan
Prezident Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.
Farmonda keltirilishicha, bojxona nazorati va rasmiylashtiruvining murakkab tartib-taomillari va uzoq muddatlari, bojxona organlari xodimlari o‘rtasidagi korrupsiyaviy huquqbuzarlik va xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilish holatlarining saqlanib qolayotganligi islohotlarning to‘liq amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Bundan tashqari, tashqi savdo operatsiyalarini monitoring qilish sohasida idoralararo va xalqaro hamkorlikning sust tashkil etilganligi kontrabanda va kontrafakt mahsulotlarni olib kirishning oldini olish vazifalarini samarali bajarish, bojxona to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlash sxemalarini aniqlash imkonini bermayapti.
Farmonda talon-toroj qilish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlik uchun bojxona organlarining mansabdor shaxslariga nisbatan prokuratura organlari tomonidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgani va tergov olib borilayotgani ma’lumot uchun keltirilgan.
Prezident farmonida O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlarini isloh qilishning muhim yo‘nalishlari belgilangan.
birinchidan, bojxona organlarining barcha darajadagi tuzilmalari vazifa va funksiyalarini aniq belgilash hamda taqsimlash, shuningdek, bojxona organlari markaziy va hududiy mahkamalarining samarali faoliyat ko‘rsatishini tashkil qilishda sohaviy tuzilmalarning muvofiqlashtiruvchi roli va uslubiy ko‘magini kuchaytirish;
ikkinchidan, bojxona organlari tizimida korrupsiya ko‘rinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirish, xalqning ishonchini mustahkamlash va davlat bojxona xizmati obro‘sini oshirish, xodimlarni ijtimoiy himoya qilish va moddiy rag‘batlantirish mexanizmlarini takomillashtirish;
uchinchidan, Oliy harbiy bojxona instituti faoliyatini, yuqori professional ko‘nikmaga, ma’naviy-axloqiy sifatlarga va Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usiga ega bo‘lgan kadrlarni tayyorlash, tanlash hamda joy-joyiga qo‘yish tizimini tubdan takomillashtirish;
to‘rtinchidan, tovarlarni noqonuniy olib kirishning asosiy shakllari va uslublari hamda bojxona to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlash sxemalari haqidagi ma’lumotlarni aniqlash, o‘rganish va umumlashtirish orqali bojxona to‘lovlarining o‘z vaqtida va to‘liq to‘lanishini ta’minlash, budjetning daromad qismini oshirish;
beshinchidan, «yalpi» bojxona nazoratini o‘tkazishdan har tomonlama tahlil asosida bojxona nazorati ob’yektlarini aniqlash, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun ma’muriy to‘siqlarni kamaytirish imkonini beruvchi xavfni boshqarish tizimiga o‘tish;
oltinchidan, bojxona nazoratini amalga oshirishning zamonaviy shakllari, uslublari va texnik vositalarini tatbiq etish hisobiga Davlat chegara o‘tkazish punktlarida bojxona tartib-taomillarini amalga oshirishning davomiyligini qisqartirish;
yettinchidan, bojxona organlari barcha tarkibiy tuzilmalarining faoliyati va idoralararo axborot almashinuvi samaradorligini oshirishga qaratilgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish;
sakkizinchidan, xorijiy davlatlarning bojxona organlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, bojxona ishi sohasida ilg‘or tajribani, xalqaro norma va standartlarni tizimli o‘rganish va joriy qilish.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter