Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sirdaryoda yirik miqdordagi kontrafakt dori-darmon ushlab qolindi

Sirdaryoda yirik miqdordagi kontrafakt dori-darmon ushlab qolindi

Sirdaryo viloyatida jami summasi 1,8 mlrd so‘mdan ortiq 108 138 dona tamaki mahsuloti va 657 qadoq kontrafakt dori-darmon qo‘lga olindi.

Kontrabandaga qarshi kurash departamenti xodimlari o‘tkazgan tezkor-qidiruv tadbiri chog‘ida avvalda kuzatuvda bo‘lgan «Mersedes-Bens-Vito» yuk mashinasi qo‘lga olindi. Avtomobil yukxonasida 39 301 quti aksizsiz tamaki mahsuloti aniqlandi. Bundan tashqari, gumonlanuvchining uyida tintuv o‘tkazilganda, yana 68 837 quti noqonuniy sigaret va 657 qadoq dori-darmon topildi. Musodara etilgan tovarning umumiy qiymati 1 mlrd 876,1 mln so‘mni tashkil qildi.

Ushbu fakt bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekistonda sotiladigan har to‘rtinchi tamaki mahsuloti noqonuniy sanaladi. Bu halokatli vaziyat bo‘lib, shoshilinch choralarni talab etadi. Farg‘ona viloyatida muammo ayniqsa keskinligicha qolmoqda – bu yerda har ikkinchi sigaret noqonuniy sotilmoqda, bu esa qora iqtisodiyot o‘sishiga olib keladi. 2022 yilda noqonuniy savdoning bunday darajasi Keniya (26%), Kamerun (26%), Gonduras (24%) va Kolumbiya (23%) kabi mamlakatlarda qayd etilgan.

Bu yo‘nalishda Bojxona qo‘mitasining ishlari ko‘zga tashlanib bormoqda. Joriy yilning birinchi 6 oyida 1,6 mln quti noqonuniy sigaret qo‘lga olindi, bu butun boshli 2022 yil natijalariga qiyoslagudek. Bu hol muammoning mudom o‘sib borayotgan ko‘lamini namoyish etadi. Noqonuniy savdoga qarshi muvaffaqiyatli kurashda barcha huquqni muhofaza qilish organlari, biznes va jamiyatning faol jalb qilinishi asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi.

Bundan tashqari, yaqinda aksizsiz tamaki mahsulotini sotish fakti bo‘yicha tezkor tekshiruv oldidan biznes-ombudsmanni majburiy xabardor qilish bekor etildi. Bu esa vijdonsiz sigaret sotuvchilarning erkin hayotlari yaqin orada nihoyasiga yetishini anglatadi. Mas’ul organlar sifatida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va IIV belgilandi.

Kontrabanda – hayotning barcha jabhalariga daxl qiluvchi kompleks muammo. U Sog‘liqni saqlash vazirligining mamlakatimizda kashandalar sonini kamaytirish bo‘yicha rejalarini barbod qiladi, davlat budjetini zarur mablag‘lardan mahrum qiladi va respublikadagi investitsion muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Aksincha, ushbu hodisaga qarshi talab darajasida kurash davlat budjetiga 2023 yilda taqriban 400 mlrd so‘m keltirishi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring