«Biz O‘zbekistonda o‘z uyimizdagidekmiz» — Viktor Orban
Bugun Toshkentda Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimdan so‘ng O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vengriya bosh vaziri Viktor Orban ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarda yangi davr boshlanganini ta’kidlab o‘tishdi.
— Vengriya bilan hamkorlik istiqbolli hisoblanadi. Biz qator sohalarda Vengriya tajribasini qo‘llashga tayyormiz. Ta’lim bo‘yicha hamkorlikka katta e’tibor qaratiladi. Mamlakatimizda Debretsen universiteti ish boshlanayotganidan xursandman. Bugun ushbu masalada kerakli hujjatlarga qo‘l qo‘yiladi.
Sport, xususan futbol bo‘yicha aloqalarni rivojlantirishga tayyormiz.
BMT va Turkiy kengash bo‘yicha O‘zbekiston va Vengriya qarashlari mushtarak ekanini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Vengriya bosh vaziri Viktor Orban marosim davomida xususan shunday dedi:
— Davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikda pul va iqtisod albatta muhim o‘rin tutadi, ammo Vengriya uchun qadimiy madaniyat ham katta ahamiyatga ega. Biz o‘z qadriyatlarini asraydigan xalqni hurmat qilamiz.
Biz Yevropada o‘zgacha o‘ringa egamiz. Vengriya Yevropa xalqlari uchun qardosh emas, shu sababli alohida kelib chiqishga ega davlatdir. Bizning madaniyatimiz va tariximiz Sharq bilan bog‘liqdir. Shunga monand, har bir venger o‘z ildizini bilishni istaydi.
Biz uchun O‘rta Osiyoning o‘rni juda katta. Biz qardosh xalqlarmiz.
Shuningdek biz nasroniy, siz esa musulmon ekaningiz ham ikki xalq munosabatlarida katta farq kasb etmaydi. Aksincha, bu o‘zaro bir-birimizni hurmat qilishimiz uchun yana bir sababdir.
Biz bu yerda o‘zimizni o‘z uyimizdagidek his qilamiz. Shu sababli ham diplomatiya qoidalaridan biroz chetga chiqib, nisbatan erkinroq gapirishimiz mumkin.
Biz og‘ir 30 yillik davrni ortda qoldirdik. Shu sababli xususiylashtirish, bank-moliya va boshqa bir qator sohalarda qanday xatolarga yo‘l qo‘yganimizni yaxshi bilamiz.
Vengriya bugungi kunda muvaffaqiyatlarga erishayotgan davlatdir. Muvaffaqiyatli davlat esa o‘z xatolarini ham bemalol tan oladi. Biz o‘z yutuqlarimiz yo‘li va tajribalarimizni bajonidil siz bilan bo‘lishishga tayyormiz, — qayd etdi Viktor Orban.
Tadbir yakunida Shavkat Mirziyoyev Vengriya delegatsiyasini qutladi:
— Men shuni ta’kidlashim kerakki, Vengriyaning do‘stlari juda ko‘p va ular orasida O‘zbekiston ham albatta bor, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter