Abdulaziz Komilov Vashingtonda Entoni Blinken bilan muzokara o‘tkazdi
6-9-mart kunlari O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya AQShga tashrif buyurdi.
Tashqi ishlar vazirligi rahbari Vashingtonga tashrifi doirasida AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi hamda strategik sheriklik munosabatlarining 20 yilligi munosabati bilan o‘zaro tabriklar almashildi. Tomonlar O‘zbekiston-AQSh munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashning dolzarb masalalari, jumladan, qo‘shni Afg‘onistondagi gumanitar vaziyatni ham muhokama qildi. «S5+1» shakli doirasida mintaqaviy hamkorlikning amaliy jihatlariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi AQShda bo‘lishi davomida AQSh administratsiyasi vakillari, Kongress a’zolari, Amerika ishbilarmon va ilmiy doiralari vakillari bilan ham uchrashuv hamda muzokaralar o‘tkazdi.
Tadbir davomida AQSh kompaniyalarining respublikadagi islohotlar jarayonlarida ishtirokini kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi. Bundan tashqari, joriy yilning 24-26 mart kunlari bo‘lib o‘tgan birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF) ishida Amerika kompaniyalarining keng ishtiroki bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashi, Jorj Vashington universiteti, Texas A&M universiteti, Kaliforniyadagi Berkli universiteti rahbariyati va ekspertlari bilan muloqotlar uyushtirildi. Uchrashuvlarda mahalliy mutaxassislar salohiyatini mustahkamlash maqsadida ikki davlat o‘rtasida universitetlararo hamkorlikni kengaytirish, akademik va ilmiy almashinuvlarni tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter