Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zulfiqor Musoqov va Ahad Qayum. Munozarada ular haqida gapirildi

Zulfiqor Musoqov va Ahad Qayum. Munozarada ular haqida gapirildi

Foto: Xabar.uz

Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida 11-16 yanvar kunlari «O‘zbek milliy kino san’ati haftaligi» tashkil etilishi haqida xabar berilgan edi. Ayni vaqtda haftalik doirasida bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Xabar.uz muxbiri «Kino ssenariy qanday yozilishi kerak» mavzusida mahorat darsida ishtirok etdi.

Shoira G‘iyosova tomonidan o‘tkazilgan mahorat darsi ustoz va talabalar o‘rtasidagi munozaraga aylanib ketdi.

«Aktyorlik mahoratini sayqallashda juda extiyot bo‘lish lozim. Masalan, hozir telekanallardan birida «Aktyor» ko‘rsatuvi tashkil etilgan. Shaxsan o‘zim bu ko‘rsatuvga mutlaqo qarshiman. Chunki qaysidir qo‘shiqqa og‘zini qimirlatib qo‘ygan bilan akter bo‘lib qolmaydi. Bir narsani tushunish lozim — bizning «oshxonamiz»ni hammaga ham ko‘rsatish aslida mumkin emas.

Iqtidor yuzaga chiqadi. Faqat buning uchun ko‘p ishlash kerak. Agar sizda darhaqiqat talant bo‘lsa, tomoshabin topib oladi. Bilasizmi, Maykl Jekson faoliyatining boshida o‘zini umuman ko‘rsatmagan. Faqat qo‘shiqlari tarqagan. Uning yuzini ko‘rishga orzumandlar bor edi. Buyuklar o‘zini ko‘rsatishi shart emas. Tomoshabin uni topib oladi», — dedi ssenarist Shoira G‘iyosova.

Munozara davomida talabalar tomonidan zamonaviy o‘zbek kinochiligida ssenariylar o‘rni juda zaif ekani tanqid qilindi.

«Hozirgi aksariyat filmlarda ssenariylar saviyasi juda past. Ahvol shunchalik yomonki, hatto «rejisser» yo‘l-yo‘lakay s’yomkaga ketayotganda, mashinada o‘tirib ham ssenariy yozib ketishi mumkin. Oradan ikki soat o‘tar-o‘tmas o‘sha ssenariy bo‘yicha «kino» olishadi.

O‘zbek filmlari oldin yurakka, keyin miyaga ta’sir qiladi. Ya’ni, avvalo hissiyot, keyin aql. Xorijda esa aksincha, avval aql bilan tafakkur qilasiz, keyin ulkan hissiyot paydo bo‘ladi.

Bizda asosan romantikaga urg‘u berishadi. Ammo shuni ham uddalay olishmaydi. Nima uchun jangari sahnalar sun’iy chiqadi? Mana, Qozog‘istonda ham jahon prokatiga chiqadigan filmlar ishlanmoqda. Biz ham shu darajaga chiqishimiz mumkin, faqat ishga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirishimiz lozim.

Aslini olganda hamma narsa ham pulga borib taqalmaydi. Son uchun sifatni qurbon qilmaslik lozim. Nima uchun Zulfiqor Musoqov yiliga 50 ta film olmaydi? Chunki u o‘nta bema’ni filmdan ko‘ra, bitta oladi, yaxshi oladi», — deyildi talabalar tomonidan.

Munozara davomida Ahad Qayumga ham to‘xtalib o‘tildi. Ssenarist Shoira G‘iyosova u haqida shunday fikr bildirdi.

«Axad Qayumni ijodkor sifatida hurmat qilmasligim mumkin. Ammo qoyil qoladigan tomonim — unda o‘ziga bo‘lgan ishonch juda yuqori. Bu kabi ishonch ancha-muncha odamda yo‘q. Shaxsan o‘zim ham o‘zimga bu qadar ishona olmayman. U esa ishonadi», — dedi Shoira G‘iyosova.

Mahorat darsi davomida yana bir qator masalalar ko‘tarildi. «O‘zbek milliy kino san’ati haftaligi» davom etmoqda. Xabar.uz ushbu tadbirni yoritib borishni rejalashtirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring