Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zulfiqor Musoqov: «Davlatning yordamisiz kino o‘ladi»

Zulfiqor Musoqov: «Davlatning yordamisiz kino o‘ladi»

Kinorejissyor Zulfiqor Musoqov «Kino san’ati»  jurnaliga intervyu berdi. Ushbu suhbatda ijodkor kino san’ati va undan iqtisodiy foyda olish xususida ham gapirib o‘tgan. 

– Qancha muhokama qilmaylik, jahonga chiqishning bor-yo‘g‘i bittagina yo‘li bor: odam ko‘radigan»  kino olsak bo‘ldi. Masalan, yaxshi kitobni o‘qiganingizdan keyin uni bir oy o‘tib yana qo‘lingizga olganingiz kabi yaxshi kinoni ham qayta tomosha qilishga ehtiyoj sezasiz. O‘tgan oyda Adiz Rajabov Yaponiyada bo‘lib qaytdi. Uning aytishicha, «Abdullajon» filmi Yaponiyada hamon sotilayotgan ekan. Yaponiiyalik kino ishqibozlari filmning diskini 20 dollardan sotib olishyapti. Bizda esa kinolarimizning sotuvi havas qilarli ahvolda emas.

Kartinani tomoshabinlarga ko‘rsatishning turli yo‘llaridan foydalanishimiz kerak. Yaqinda kinotarg‘ibotchilar tashabbusi bilan 8 ta viloyatda bo‘ldik, jumladan, G‘allaorolda, Bo‘kada aholi bilan ijodiy muloqot qildik. Xalq kino tomosha qilishga, kinoijodkorlar bilan yaqindan uchrashishga tashnaligini ko‘rib xursand bo‘lib ketdim. Biz filmni tekinga qo‘yib berdik. Tomoshabinlarning kinodan ta’sirlanib yig‘laganlarini ko‘rsangiz edi... Ijodiy faoliyatim davomida 23 ta film suratga olgan bo‘lsam, bor-yo‘g‘i ikkitasigina foyda keltirgan, xolos. «Osmondagi bolalar 1»  to‘qqiz yarim oy, «Osmondagi bolalar 2»  asarim olti yarim oy kinotearda qo‘yilgan. Ochig‘ini aytsam, bu – umuman kutilmagan narsa.

Agar kino yuz foiz keltiradigan soha bo‘lganda hamma o‘zini kinoga urgan bo‘lardi. Doimiy foyda keltiradigan hunar ikkita: novvoylik bilan go‘rkovlik. Non hamisha ehtiyojimiz uchun zarur, hamma odam bir kun o‘ladi. Muhimi, sodda, samimiy, odamlarning qalbidan joy oladigan oddiy film qilish kerak, tamom.

Muammolarimizni sanayversak, ancha gapirishga to‘g‘ri keladi. Mana, masalan, aktyorlarimizga to‘lanadigan haq nihoyatda kam. Bir aktyor uchun kuniga to‘lanadigan 175 ming so‘m haq – tarixda qoladigan rollar uchun nihoyatda arzimas narx. Kino uchun umrini bag‘ishlashga tayyor aktyorlarimiz borligiga shukur. Ular kam maoshga ham rozi bo‘lishadi. Rejissyorlar, operatorlar, bastakorlar ishsiz yurishsa, ularga maosh to‘lanmaydi. Masalan, teleoperatorlar televideniyeda hech kim ko‘rmaydigan ko‘rsatuv tayyorlashsa ham yaxshigina maosh olishadi. Kinoda ishlaydigan operatorlar esa kino bo‘lmasa maoshsiz qolishadi.

Davlatning yordamisiz kino o‘ladi. Bu – aksioma. Dunyoda faqat uchta mamlakatdagina kino davlat yordamiga muhtoj emas: AQSh, Hindiston va Nigeriya. Tanganing ikkinchi tomoni ham bor: davlat bergan mablag‘ga arziydigan yaxshi asar yaratish lozim. Bu kinoijodkor uchun – vijdon ishi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring