Zoyir Mirzayev Davron Hidoyatov hokimiyatiga pul ajratdi
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Chirchiq shahrida «Yashil bog‘» barpo etish uchun 173,6 mln. so‘mni shahar hokimligi hisobiga o‘tkazish haqidagi farmoyishni imzolagan.
Hujjatda aytishicha, mablag‘ o‘tkazmasi viloyat mahalliy budjetining 2022 yil boshida aniqlangan erkin qoldiq mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan.
Yaqinda prezident Shavkat Mirziyoyev iqtisodiy inqirozning oldini olish maqsadida 2022 yil oxirigacha barcha hokimlarga pulni tejash, ortiqcha sarflamaslik, ayniqsa, orttirilgan budjet pullarini zaxira qilishga topshiriq bergandi.
Lekin juda ko‘plab viloyat va tuman hokimliklari orttirilgan mahalliy budjet mablag‘laridan foydalanib yotishibdi. Bu holatni e-qaror portalida e’lon qilinayotgan hujjatlarda ko‘rish mumkin.
Zoyir Mirzayev Toshkent viloyatiga hokim bo‘lgan paytda avvalgi hokim Davron Hidoyatov Chirchiq shahriga rahbar bo‘lib ketgandi.
Davron Hidoyatov viloyat hokimi bo‘lgan paytda Nurafshon shahrida katta miqdordagi mablag‘ga haykal majmuasi va kutubxona binosi qurmoqchi bo‘lgani jamoatchilik orasida keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi.
Keyinroq ushbu hujjatni Zoyir Mirzayev bekor qilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter