«Yuventus» Yevrokuboklardan chetlatildi
UYeFA «Yuventus»ni navbatdagi mavsumda Konferensiyalar ligasida ishtirok etishini taqiqladi.
Moliyaviy nazorat surishtiruv natijalariga ko‘ra, klub tashkilot tomonidan 2022 yil avgust oyida imzolangan kelishuv bandlarini buzgan deb topilgan. Shu sababli klub navbatdagi mavsum yevrokuboklaridan chetlatildi va 20 mln yevro jarimaga ham tortildi.
Shularning 10 millioni birdaniga to‘lanishi kerak. Agarda klubning navbatdagi uch yillik hisobotlarida ham qing‘irliklar aniqlansa, qolgan 10 mln yevro ham to‘lanadi. O‘z navbatida bu holat klubning boshqa ishlardagi moliyalashida va litsenziyalash jarayonida jiddiy ta’sir o‘tkazishi mumkin.
Oldinroq UYeFA va «Yuventus» jamoaning Konferensiyalar ligasidan chetlatilishi borasida kelishib olishgani borasida ma’lumotlar berilgandi. Klub o‘z aybini tan olgani uchun barcha ishlar ochiq tarzda olib borilgan va Italiya sudlari tomonidan tekshirilgan.
Yanvar oyida Turin klubi o‘z kapitalining o‘sishi raqamlarini soxtalashtirgani uchun 15 ochkodan mosuvo qilingan, biroq appelyasiya bilan ochkolar qaytarib olingandi. Biroq keyinchalik yana taftish ishlari olib borilgan va qing‘irliklar aniqlanganidan keyin 10 ochko olib tashlangandi. Shu sababli jamoa mavsumni 7-o‘rinda tugatib, Konferensiyalar ligasida ishtirok etishi kerak bo‘lgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter