Yunusobodda IIBB xodimlari ishtirokida ziddiyat yuzaga keldi
Ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolar va ichki ishlar organlari xodimlari orasida sodir bo‘lgan kelishmovchilik videosi tarqaldi. Holat bo‘yicha Toshkent shahar IIBB ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 13 dekabr kuni taxminan soat 15.00 da Yunusobod tumani IIO FMB 5-son ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektorlari – podpolkovnik Sh. Alimkulov va kapitan D. Majidov «Universam» savdo kompleksi yaqinidagi yer osti yo‘lagida noqonuniy savdo bilan shug‘ullanuvchi ayol, erkak va yigitga savdoni to‘xtatib, savdo mollarini yig‘ishtirish va yo‘lakni fuqarolar uchun bo‘shatish to‘g‘risidagi ogohlantirish bergan.
IIBBga ko‘ra, o‘rtada janjal ko‘tarilib, yigit ichki ishlar organlari xodimlari bilan mushtlashmoqchi bo‘lgan. Ziddiyat kuchayib yigit voqea joyiga yetib kelgan patrul-post xizmati xodimining yuziga urgan.
«Shu sababli xodimlar yigitning qo‘llariga kishan solishga majbur bo‘lishgan va uch nafar tartibbuzarlar shaxslarini aniqlash va keyingi surishtiruvlar uchun 5-son IIBga olib ketilgan», deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, internet tarmog‘ida tarqalgan videoda ichki ishlar organlari xodimlariga qarshilik ko‘rsatgan A. X.ning qo‘lga olinishi tasvirga tushgan. Yerda yotgan ayol – 42 yoshli X. T. savdo mollari sumkasining ustiga yotib, xodimlar uni ichki ishlar bo‘limiga olib ketishiga qarshilik ko‘rsatmoqchi bo‘lgan.
Hodisa yuzasidan tergov oldi tekshiruvi o‘tkazilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter