Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yo‘lni vaqtida ta’mirlamagan mansabdorlar sudga berildi

Yo‘lni vaqtida ta’mirlamagan mansabdorlar sudga berildi

Foto: «Xabar.uz»

«O‘zyo‘linspeksiya» qariyb 1,5 mlrd so‘mlik qurilish-montaj ishlarini yo‘lsozlarga qayta bajartirdi. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda «O‘zyo‘linspeksiya» boshqarma boshlig‘i Dilshod Oxunjonov ma’lum qildi.

Unda aytilishicha, «O‘zyo‘linspeksiya»ga kelib tushgan murojaatlarning 61 tasi bo‘yicha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha 80 ta ko‘rsatma berilgan.

«Ko‘rsatma talablarini muddatida bartaraf etmagan 5 ta holat yuzasidan mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar qo‘llash bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sud organlariga yuborildi. 15 ta holat bo‘yicha — 1 mlrd. 576 mln. 675 ming so‘m miqdoridagi sifatsiz bajarilgan qurilish-montaj ishlarini hisobotdan chiqarish bo‘yicha buyurtmachilarga talabnoma kiritildi. Sodda qilib aytganda, shuncha miqdorga baholangan, lekin amalda sifatsiz bajarilgan qurilish va ta’mir ishlari pudratchilar tomonidan, ularning o‘z mablag‘lari hisobidan me’yoriy hujjatlar talablari asosida qayta bajartirildi», — dedi Dilshod Oxunjonov.

Ta’kidlanishicha, ikkita holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 147-moddasi 1-qismi (yo‘llarga, temir yo‘ldan o‘tish joylariga, yo‘l harakatini tartibga soluvchi boshqa inshootlar yoki texnik vositalarga shikast yetkazish, shuningdek yo‘l harakatiga qasddan, shu jumladan yo‘l qoplamasini ifloslantirish yo‘li bilan xalaqit berish, xuddi shuningdek avtomobil yo‘llarini o‘zboshimchalik bilan qazish, ularda sun’iy notekisliklar va to‘siqlar yaratish, avtomobil yo‘lida ishlarni amalga oshirish uchun berilgan ruxsatnoma talablarini bajarmaslik, shuningdek yo‘llarni saqlash qoidalarini buzish) bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Dilshod Oxunjonovning qo‘shimcha qilishicha, 70 ta murojaatga binoan — yo‘l obyektlarining sifat ko‘rsatkichlari aniqlanib, mazkur obyektlarni endilikdagi ta’mirlash dasturlariga kiritish yuzasidan takliflar kiritilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring