Yog‘-moy mahsulotlarining narxi tushishi mumkin
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 19-yanvar kuni «Yog‘-moy tarmog‘ini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzolagani haqida xabar bergan edik.
Ushbu qarorda qayd etilishicha, sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish va keng turdagi yog‘-moy mahsulotlari ishlab chiqarilishini kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, mazkur tarmoqdagi mavjud tizimli muammolarga barham berish bozorni sifatli, xavfsiz, arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish va butun mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning eng muhim sharti hisoblanadi.
Shu bilan birga, xom ashyo bazasining cheklanganligi, jumladan, muqobil yog‘ olinadigan ekinlardan yetarlicha foydalanmaslik yog‘-moy korxonalarining mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini to‘liq ishga solishni ta’minlash va bozorning sifatli yog‘-moy mahsulotlariga bo‘lgan talabini qanoatlantirish imkonini bermaydi.
Yog‘-moy korxonalarida zamonaviy texnologiyalarning past darajada joriy etilganligi ishlab chiqarish faoliyatini lozim darajada nazorat qilish va hisobini yuritishga to‘sqinlik qilmoqda, xom ashyo va tayyor mahsulotlarni talon-toroj qilish holatlariga, shuningdek, boshqa suiiste’molchiliklarga olib kelmoqda.
Xom ashyo resurslari va tayyor yog‘-moy mahsulotlarini taqsimlashning samarasiz va zamonaviy bozor prinsiplariga javob bermaydigan mexanizmi ko‘p sonli chayqovchilik bo‘g‘inlari va bozorda sun’iy taqchillik yuzaga kelishiga hamda oqibatda yog‘-moy mahsulotlari narxining asossiz o‘sishiga olib kelmoqda.
Mazkur hujjat bilan bozorlar va do‘konlarda yog‘-moy mahsulotlarining narxlari birmuncha arzonlashi mumkin. Shuningdek, uy hayvonlari uchun yemlarning sifati ham ushbu qaror bilan nazoratga olinadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter