Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yirik mojaro — Qirg‘iziston YeOIIdan chiqib ketishi mumkin

Yirik mojaro — Qirg‘iziston YeOIIdan chiqib ketishi mumkin

Qirg‘iziston YeOIIga a’zolik masalasini ko‘rib chiqishi mumkin. Bu haqda mamlakat iqtisodiyot vazirligi tomonidan xabar berilgan.

Ayni vaqtda Qozog‘iston chegarasida Qirg‘izistonga tegishli yuzlab yuk mashinalari to‘xtab turibdi va mamlakat YeOIIdan ushbu masalada hakamlik qilishni talab etmoqda. Agarda muammo hal qilinmasa, rasmiy Bishkek YeOIIdagi vakillarini chaqirib olishga va hatto tashkilotdan chiqish masalasini ko‘tarishga tayyor ekanini bildirgan.

Hozircha Qirg‘iziston ittifoqqa a’zolik kelishuviga amal qiladi, ammo yaqin vaqtlar ichida masala hal qilinmasa, vazirlarni chaqirib olish mexanizmi ishga tushiriladi.

«Qirg‘iziston uchun muammo hal qilinmas ekan, YeOIIga a’zolikdan hech qanday mantiq yo‘q. Barcha mahsulotlar Qozog‘iston bilan chegarada to‘xtab qolmoqda. YeOIIga bu borada murojaat bo‘ldi, ammo boshqaruv qo‘mitasi Qozog‘istonning tarafini oldi. Agarda shu safar ham yana ushbu holat takrorlansa, YeOIIga a’zolik masalasi ko‘tariladi», — deya xabar bergan Qirg‘iziston iqtisodiyot vazirligidagi manba.

Qirg‘izistonning e’tiroziga ko‘ra, Qozog‘iston tomoni Xitoydan kelayotgan kontrabandani to‘xtatib qolish maqsadida chegarada mahsulotlarni to‘xtatib qolmoqda. Ammo da’vo qilinishicha, chegaradagi to‘xtalishlarga Xitoy kontrabandasi emas, balki Qozog‘istondagi yirik logistika markazini nazorat qilish bo‘yicha ichki kelishmovchiliklar sabab bo‘lgan. Bu esa YeOII ichida to‘siqlarni yuzaga keltirmoqda.

Qirg‘iziston iqtisodiyot vazirligi tomonidan ta’kidlanishicha, ushbu holat Rossiyaning obro‘-e’tiboriga salbiy ta’sir qiladi. Chunki aynan shu mamlakat ittifoqqa birlashishda tashabbuskor hisoblanadi.

O‘z navbatida Qozog‘iston tomoni o‘z bozori va YeOII bozorini Xitoy kontrabandasidan himoya qilayotganini bildirmoqda. 8 iyunda Qozog‘iston moliya vazirligi Qirg‘izistonni eksportning haqiqiy hajmini yashirish va soxta tranzitda ayblagan. Qozog‘istonning ta’kidlashicha, qirg‘izlar bergan ma’lumotda 2019 yilning 9 oyida 45 million dollarlik eksport amalga oshirilgani aytiladi. Ammo Qozog‘istondagi ma’lumotlarga ko‘ra 465 million dollarlik mahsulot eksport qilingan.

Eslatib o‘tamiz, 6 iyunda Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligi «Aktilek» nazorat o‘tkazish punkida 500 ta yuk mashinasidan iborat 8 kilometrlik tiqin yuzaga kelganini xabar qilgan edi. Bunga esa Qozog‘iston moliya vazirligi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan chuqurlashtirilgan tekshiruv sabab bo‘lgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring