Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev va qidiruvdagi shaxs aks etgan videoga rasmiy munosabat berildi
Internetda Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev qidiruvda bo‘lgan Sherali va Abduvali Abdullayevlar bilan gaplashib turgani haqidagi videoyozuv chiqarilgan. Holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi.
Qayd etilishicha, 2024 yilning 2-4 yanvar kunlari Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev mehnat ta’tili davrida salomatligini tiklash maqsadida o‘z hisobidan Turkiya Respublikasiga borib, «Medipol Mega» tibbiyot klinikasida davolanish muolajalaridan o‘tgan. Turkiyada unga avvaldan tanish bo‘lgan Azim Jo‘raboyev (videoda qora rangli kurtkada) hamrohlik qilgan.
Bosh prokuror Azim Jo‘raboyev bilan klinikada gaplashib turgan vaqtida, ularning oldiga asli familiyasi Sobirjanov (xabarda Sherali Abdullayev deb ko‘rsatilgan) bo‘lgan Sherali ismli shaxs kelib, o‘zini tanishtiradi. Shu vaqtda ular klinikaga kelishi sabablari haqida suhbatlashishadi. Sherali Sobirjanov klinikaga o‘zining farzandini davolanishga olib kelganligini aytib, Bosh prokurorni tanib qolgani uchun ular bilan hamsuhbat bo‘lishga yonlariga kelganini tushuntiradi. Shunday qilib, videoda Bosh prokuror yonida turgan ikki shaxsning biri Sherali Sobirjanov bo‘lsa, ikkinchisi Abduvali Abdullayev emas, balki Azim Jo‘raboyev bo‘lgan.
Ma’lumot tariqasida:
Abduvali Abdullayev tomonidan 2018 yil 10 may kuni «Baxmal Juice Master» MChJga bankdan 1,1 mln AQSh dollar kredit olinib, kredit qarzdorligining 633 ming AQSh dollari qasddan qoplanmaganligi oqibatida, garovdagi «O‘zengilulgurjisavdo» MChJga tegishli mulk (ma’muriy bino) bank tasarrufiga o‘tib ketganligi bois, jamiyat manfaatiga katta miqdorda zarar yetkazilgan.
«O‘zengilulgurjisavdo» MChJ ta’sischilarining arizasiga asosan 2021 yil 25 yanvar kuni A.Abdullayevga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi doirasida ayblanuvchi A.Abdullayevga jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan ayb e’lon qilinib, sudning ajrimi bilan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari ayblanuvchi qayerda ekanligi noma’lum bo‘lganligi sababli vaqtincha to‘xtatilgan.
Ta’kidlanishicha, jinoyat ishi doirasida Abduvali Abdullayevning o‘g‘li — Rahmatilla Abdullayev ham ayblanuvchi (Jinoyat kodeksining 168, 233, 184-moddalari bilan ayblov xulosasi tuzilgan) sifatida jalb qilingan. 13.06.2022 yildagi Yakkasaroy tuman sudining hukmiga ko‘ra, R.Abdullayev Jinoyat kodeksining 184-moddasi bilan aybli deb topilgan va unga jarima jazosi tayinlangan. Jinoyat kodeksining 168 va 233-moddalari bilan esa aybsiz deb topilib, reabilitatsiya qilingan.
Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasining 27.09.2022 yildagi ajrimi bilan yuqoridagi sud hukmi o‘zgarishsiz, Yakkasaroy tuman prokurorining apellyasiya protesti va shikoyatlar qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.
Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining 28.02.2023 yildagi ajrimi bilan apellyasiya instansiyasining 27.09.2022 yildagi ajrimi bekor qilinib, jinoyat ishi yangitdan apellyasiya instansiyasi sudida ko‘rib chiqish uchun yuborilgan (ish Toshkent shahar prokurorining protesti va fuqaroviy da’vogarning shikoyati asosida ko‘rilgan).
Toshkent viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasining 26.06.2023 yildagi ajrimi bilan birinchi instansiya sudining hukmi bekor qilinib, R.Abdullayev Jinoyat kodeksning 168 va 184-moddalari bilan aybli deb topilib, 4 yil 6 oy ozodlikni cheklash va bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining ajrimi bilan apellyasiya instansiyasining 26.06.2023 yildagi hukmi bekor qilinib, jinoyat ishi yangitdan apellyasiya instansiyasi sudida ko‘rib chiqish uchun yuborilgan.
Toshkent shahar sudi apellyasiya instansiyasining 24.04.2024 yildagi ajrimiga ko‘ra, Yakkasaroy tuman sudining 13.06.2022 yilda dastlab chiqarilgan hukmi o‘zgarishsiz, Yakkasaroy tuman prokurorining R.Abdullayevni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi, 233-moddasi 1-qismi va 184-moddasi 3-qismi bilan aybli deb topib, jazo tayinlash haqidagi prokuror protesti va jabrlanuvchilarning shikoyatlari rad qilingan.
Hozirda Bosh prokuratura tomonidan yuqoridagi appelyasiya ajrimiga nisbatan taftish tartibida prokuror protesti keltirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Sherali Sobirjanov esa, «Orental Fresh Food» MChJ rahbari lavozimida ishlab kelib, bankka soxta kontraktlarni taqdim etgan holda haqiqiy bozor narxi 494 ming 438 AQSh dollarlik muzlatgich va 430 ming 182 AQSh dollarlik quritish jihozlari uchun jami 1 mln. 597 ming 630 AQSh dollarini Xitoy davlatiga to‘lab berib, 673 ming 010 AQSh dollarini talon-toroj qilgan.
Unga nisbatan 2019 yil 20 iyul kuni Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi va boshqa moddalar bilan sirtdan ayblov e’lon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, qidiruv e’lon qilingan.
Jinoyat ishi Ichki ishlar vazirligi Tergov Departamentining ish yurituvida bo‘lib, hozirda dastlabki tergov harakatlari vaqtincha to‘xtatilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter