Yiliga 3 mingta «Hyundai». Namanganda yangi zavod quriladi
Mamlakatimiz avtomobilsozlik sanoatida yana bir yirik loyihani amalga oshirish yo‘lida dastlabki qadam tashlandi – Koreya Respublikasining «Evergreen Motors Group» kompaniyasi prezidenti Kim Chang Kyon loyiha bo‘yicha amaliy muzokaralar o‘tkazish uchun Namangan viloyatiga keldi, deb xabar bermoqda «O‘zA».
Tegishli soha vakillari ishtirokida o‘tkazilgan taqdimot marosimida viloyatda «Hyundai» yuk avtomobillari va avtobuslarni yig‘ish zavodi» qurish loyihasi to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Loyihaga ko‘ra, korxonada yuk ko‘tarish sig‘imi 1 tonnadan 50 tonnagacha bo‘lgan yuk avtomobillari va o‘lchami 9-12 metrli shahar ichida qatnovchi, shaharlararo hamda sayyohlik rusumidagi avtobuslar va maxsus transport vositalari yig‘ish ishlari bajariladi.
Dastlab, kuniga 8-20 va yiliga 1000 ta avtomobil ishlab chiqariladi. Uch yil ichida bu ko‘rsatkich 3 mingtaga yetkaziladi, ya’ni mingta avtobus va 2 mingta yuk mashinasi ishlab chiqariladi. Avvaliga ehtiyot qismlar Koreya Respublikasidan keltirilsa, mahalliylashtirish dasturi asosida uch yil mobaynida ehtiyot qismlarni bosqichma-bosqich shu yerning o‘zida ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi.
Loyiha ishga tushirilishi bilan 1000 ga yaqin ish o‘rni yaratilsa, kelajakda bu ko‘lam 6 mingtaga yetkazilishi rejalashtirilmoqda.
Delegatsiya a’zolari avtomobil zavodi qurilishi uchun tavsiya qilinayotgan maydonlar va u yerdagi sharoitlar bilan tanishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter