Yaponiyada «Reyva» boshlanadi. Balki tajriba o‘rganishga borarmiz...
«RG» xabar berishicha, Yaponiya vazirlar mahkamasi bosh kotibi Yosixide Suge to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda ikkita chiroyli iyeroglifni namoyish etdi — «tartib va uyg‘unlik». Bu so‘zlar taxtga o‘tirajak yangi imperatorning shiori.
Yaponiyaning navbatdagi, 248-imperatori ushbu shior-nengo ostida hukmronlik qiladi. Voris shahzoda, 59 yoshli Naruxito 2019-yilning 1-may sanasida, Tokio vaqti bilan qoq peshinda taxtga o‘tiradi. Amaldagi imperator Akixito, so‘nggi 200 yillik tarixda ilk marotaba, taxtni topshirishini ma’lum qilgandi.
Har bir yapon imperatorining o‘z shiori bo‘lgan. Xuddi boshqa solnomalar kabi yaponlarning ham o‘z solnomalari bor va bu aynan muayyan imperatorning hukmronlik davri bilan o‘lchanadi. Masalan, hozir Yaponiyada «Xeysey» («Tinchlik o‘rnatilishi») davrining 31-yili.
Yangi shior bir necha bosqichda ishlab chiqildi. Avvaliga Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe taniqli xitoy va yapon adabiyoti, Yaponiya va Sharqiy Osiyo tarixi mutaxassislaridan yangi shior borasida taklif berishlarini so‘radi. Keyin esa bu takliflar Vazirlar mahkamasi bosh kotibi Yosixide Sugega topshirildi. U olti mezon (shiorning mos mazmunga egaligi, ikki iyeroglifdan tashkil topishi, yozish osonligi, o‘qish qulayligi, ilgari shior sifatida ishlatilmagani, kamyob so‘zligi) asosida yakuniy xulosani berdi.
Yangi davrning qanday atalishi taqdimotgacha sir tutildi: uni faqat imperator Akixito, voris shahzoda Naruxito, bosh vazir Abe, bosh kotib Suge bilardi, xolos. Yaponiyaliklar esa yangi davr qanday atalashi yuzasidan bahslarga kirishib ketishgandi.
Endi Yaponiya hukumati va kompaniyalarda barcha bosqichlarda shoshilinch tarzda yangi blankalar, muhrlar, taqvimlar, haydovchilik guvohnomalari va boshqalar qaytadan tayyorlanadi. Hammasida «Reyva» so‘zi bo‘lishi shart. 27-aprelgacha — imperatorlar almashinishi munosabati bilan hamma oltinchi maygacha ta’tilga chiqib ketadigan sanagacha ulgurish lozim.
E’tibor beryapsizmi, shuncha ish uchun bir oy berishmadi. Holbuki Yaponiyaning aholisi qancha, kompaniyalari qancha?!. Ammo ulgurishadi. Mana nima uchun ular a-ancha ilgarilab ketishgan. Chunki hammayoqda tartib bor, uyg‘unlik bor. Qisqasi, «Reyva»!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter