Yapon mafiyasi: boss uchun intiqom
Yakudza – Yaponiyadagi an’anaviy uyushgan jinoyatchilik shakli, mamlakat jinoyat olamida peshqadam mavqega ega guruh. Yakudza a’zolari «goduko» sifatida ham tanilgan. Adabiyot yoki matbuotda yakudza yoki uning alohida guruhlarini ko‘pincha «yapon mafiyasi» yoxud «boryokudan» deyishadi. Yakudza oilada erkaklar ustunligi niqobi ostida bossga hech bir istisnosiz bo‘ysunish va qoidalar majmui (mafiya kodeksi)ga qat’iy rioya qilishga tayanadi, aks holda muqarrar jazo choralari ko‘riladi. Yakudza urug‘-aymoqlaridagi barqarorlik va umri uzoqlik boss va tobelar, shuningdek, guruhning oddiy a’zolari o‘rtasidagi munosabatlar o‘ziga xos tarzda ta’minlanadi...
Shafqatsiz qoida
Yakudza Yaponiya iqtisodiy va siyosiy hayotiga chambarchas bog‘langan bo‘lib, faqat o‘ziga tegishli xususiyatga ega. Dunyodagi boshqa jinoiy guruhlardan farqli o‘laroq, yakudza qarindoshlik rishtalariga tayanmaydi, ichki iyerarxiyasi, a’zolari soni yoki rahbariyat tarkibini sir tutmaydi (yakudzaning ko‘plab katta guruhlari o‘zining rasmiy nishonlariga ega, shtab qarorgohi va bosslari ismi pinhon tutilmaydi, qolaversa, guruhdagi aksar kishilar vatanparvar va o‘ta o‘ngchilar «qanoti» ostida ro‘yxatdan o‘tgan).
1950 yildan e’tiboran yapon huquqni muhofaza qiluvchi idoralari yakudza guruhlari va rasmiy a’zolari qayd etilib kelinmoqda. Agar urushgacha ko‘plab to‘dalar sarkor va 50 nafar a’zodan iborat bo‘lgan bo‘lsa, urushdan keyin guruhlar yuzlab, minglab kishilar bilan to‘ldi. 1958 yili politsiya yakudza sonini 70 ming, 1963 yili 184 ming nafar qilib belgilagan edi.
Antimafiya qonuni qabul qilingandan so‘ng bir necha o‘n yillar mobaynida bosqinchilar soni 79,3 ming nafargacha kamaydi. Ammo 1990 yil boshlarida yana o‘sish kuzatildi: 90 ming. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yakudzaning mamlakatda 2,5 guruhni birlashtirgan 110 ming faol a’zosi mavjud.
«Yakudza» atamasi bakuto qimor o‘yinlari guruhlaridan kelib chiqqan. «Ya» – yapon tilidan «sakkiz», «ku» – «to‘qqiz», «san»ning shakliy o‘zgarishi, ya’ni «uch»; umumiy miqdor – yigirma yoki yapon qartasidagi eng xosiyatsiz raqam (mazkur kombinatsiya «cho‘chqa» nomi bilan ham ommalashgan). Dastlab «yakudza» «foydasiz ish», keyinchalik «foydasiz odam» ma’nosini anglatdi, bakuto esa qochqin, omadsizlar demakdir. Shu tarzda ular o‘zlarini yutqazilgan qartadagi kombinatsiyaga mengzay boshladilar. Bora-bora «yakudza» atamasi nafaqat bakutoda, balki barcha uyushgan yapon to‘dalariga nisbatan qo‘llanila boshlandi
O‘tmishda yapon feodallari raqiblariga qarshi ochiq kurashda samuraylar yoki maxfiy ravishda yakudza yordamidan foydalanishgan. Yakudza tizimi, an’analari va qonunlari Edo (1603 – 1868) davrida muvofiqlashdi.
Bakuto guruhi a’zolari Tokugava uyiga qaram kishilar va qorin to‘yg‘azish g‘amida u yerdan bu yerga ko‘chib yurgan qochqinlardan iborat edi. Ular syogun amriga ko‘ra yerlari va mol-mulklaridan judo bo‘lishgandi. Keyinchalik daydilar va shu toifa odamlar bakutoga qo‘shildi. XVIII asrning oxirlarida Yaponiyada qimor o‘yinlari ommalashib, jamiyatda badavlat shaharliklar safi kengaygach, bakutoning asosiy faoliyati shaharlardagi buzuqxonalar, ijara uylari va asosiy yo‘llardagi pochta stansiyalari hovlisida qimor o‘yinlarini tashkil etishga qaratildi.
Tekiya guruhlari qaroqchilardan iborat qilib tuzildi. Vaqt o‘tgach, savdogarlar, mayda o‘g‘rilar, tovlamachilar va firibgarlar sifatida shaklini o‘zgartirdi.
Bakuto va tekiya bir-biriga sodiqligini aytib, qonlarini o‘zaro biriktirgach, maxsus kodeks ishlab chiqildi, uni buzgan kishini og‘ir jazo kutardi. To‘daga yangi qabul qilinadigan odam «muqaddas kosa» rusumidan o‘tar, keyin esa boss bilan ota-bola munosabatlari o‘rnatilardi. Shu tarzda chegara bilmas o‘zaro sodiqlik talab qilingan. Yangi a’zo bossning nufuzi va yangi «oila»ga nisbatan samimiyligi va o‘zini qurbon qilishga shayligini namoyon etish maqsadida barmoq suyagini kesib tashlashi an’anaga kirdi (keyinroq aybsizlikni isbotlash yoki to‘dadan chiqish uchun barmoq suyagi qirqiladigan bo‘lgan).
Shu tarzda yakudza tizimida yapon oilasi an’anasining qadriyatlari o‘z aksini topdi. Bossga nisbatan haddan ziyod sadoqat talab etilar, shuningdek, uning o‘zi ham «oila» a’zolariga g‘amxo‘rlik qilar, tashqi dushmanlardan muhofazalardi. Mazkur an’analarga samuraylarning busido kodeksi elementlari ham qo‘shildi.
Hammasi qimordan boshlangan
Yakudzadagi og‘ir tartib va o‘zaro sodiqlik yuqori mansabdorlar yoki badavlat tijoratchilarning tansoqchi sifatida, shuningdek, qarzlarni undirish, tobe kishilarga bosim o‘tkazish uchun bosqinchilarni yollashlariga sharoit yaratdi.
Tekiya va bakutoning pozitsiyasi rasmiy hukumat tomonidan ma’qullandi. Masalan, 1735 – 1740 yillarda ko‘chadagi janjallarni bartaraf etish uchun hukumat tekiyaning ayrim bosslarini «nazoratchi» sifatida tayinladi. 1805 yili esa markaziy politsiya bo‘linmalari rahbarlari bilan bakuto rahnamolari o‘zaro til topishdilar. Huquq posbonlari o‘zaro yordam evaziga jinoiy guruhlarning noqonuniy faoliyati va raqobatchilarga qarshi kurashidan ko‘z yumadigan bo‘lishdi. Yakudzaning shunday guruhlari «o‘z» mavzesini o‘g‘rilar, talonchilar va zo‘ravonlardan himoya qilar, buni ko‘cha jinoyatchiligini bartaraf etish bilan xaspo‘shlardi. Shu sababli aholi o‘rtasida quyidagi naql yurgan: «Bizni kunduzi politsiya, kechasi yakudza qo‘riqlaydi».
Yaponiya tarixida yetarli manbalar asosida yozib qoldirilgan Banzuyin Tyobey yakudzaning birinchi yo‘lboshchisi hisoblanadi. XVII asrda istiqomat qilgan bu shaxs sobiq samuray edi. O‘sha paytlarda tez-tez uchrab turadigan feodal homiyligidan mosuvo bo‘lgan Banzuyin Edo sari yo‘l oldi va u yerda qimorxona ochdi. Qisqa fursatda badavlat odamga aylanib, tilga tushdi. Shahar ma’muriyati unga yo‘l qurilishi va Edo saroyi devorini ta’minlash uchun ishchi yollashni taklif qildi. Tyobey bu vazifaga o‘ziga xos tarzda yondashdi: qarta o‘yinida yutqazib qarzdor bo‘lganlar va foiz to‘laydiganlarni ishga jalb etib, ularning ish haqini o‘zining cho‘ntagiga uradigan bo‘ldi.
XIX asrning o‘rtalarida yakudza to‘dalari o‘rtasida hudud talashish bilan bog‘liq birinchi katta mafiya to‘qnashuvi yuz berdi. Simidzu shahridagi Dzirotyo ismli boss 600 nafar odami bilan qo‘shni zamindagi raqobatchi guruhni shafqatsizlarcha yanchib tashladi. Uning hisobida yong‘in xavfsizligini ta’minlash uchun Nagoyya qal’asi tomiga chiqarib qo‘yilgan «oltin delfinlar» talonchiligi ham bor. 1871 yili imperator saroyi boshqaruvchisi bo‘lgan Tessyu Yamaoka poytaxtdagi qashshoq dehqonlar g‘alayonini bostirish uchun bir necha marta Dzirotyoning huzuriga yugurib kelgan.
1930 yil boshida Yaponiyani qamrab olgan iqtisodiy inqiroz ommaviy ishsizlik, ishchi va dehqonlarning noroziligini keltirib chiqardi. Xalq qahr-g‘azabi shiddatli avj olmasligi uchun hukumat noqonuniy o‘yinlar, yovvoyi tomoshalardan ko‘z yumishga qaror qildi. Tez orada ko‘plab qimorxonalar, aysh-ishrat maskanlari va ovozli filmlar namoyish etiladigan yangi kinozallar yakudza nazoratiga o‘tdi. Bosqinchilar bar va klublarni ham zabt etishdi, shuningdek, yuk tashish va qurilish ishchilariga nisbatan ta’sir ko‘lamini kuchaytirishdi. Kobeda shahar jinoiy olami ustidan nazorat Yamaguti-gumiga o‘tdi.
1934 yilning yozida hukumat va tadbirkorlar iltimosiga ko‘ra, Yamaguti-gumi yakudzasi ish tashlagan Kobe bandargohi ishchilarini shafqatsizlarcha jazolab, kasaba uyushmalari peshqadamlari va port ishchi faollarini o‘ldirishdi. Jinoyatchilar yashiringunga qadar ularning bosslari buni oddiy ko‘cha janjali sifatida ko‘rsatish haqida shahar politsiyasi bilan kelishib olishdi. Yakudza shunchaki o‘zini huquq posbonlariga topshirib, ramziy muddat bilan jazolandi. Shundan so‘ng hukumat bilan uyushgan jinoyatchilar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik yangi-yangi ko‘rinishlar kasb etdi. 1930 yil o‘rtalarida Kobe bandargohi, ulgurji bozor, qimorxonalar, konsert, teatr va kinoteatr zallari, mahalliy sumo federatsiyasi va ko‘plab hududiy artistlar Yamaguti-gumi nazoratida edi.
Haddan oshishlar
Urushdan so‘ng yakudzada pasayish ro‘y berdi. Ko‘plab bosqinchilar imperator armiyasiga chaqirildi (ular halok bo‘lishdi yoki asir tushishdi), bandargohlarda askarlar va jandarmlar soqchilik qildilar, aholi och edi. 180.000 dan ziyod bosqinchi 5,2 ming to‘daga bo‘linib, bu esa ko‘plab qon to‘kilishlari va to‘qnashuvlarga olib keldi.
1946 yil boshlarida hukumat urush vaqtida ommaviy ravishda korxonalarga qullarcha ishlash uchun jalb qilingan koreys va xitoyliklarni tiyib qo‘yishni yakudzadan iltimos qildi. Yamaguti-gumi bosqinchilarining, hatto Kobedagi politsiya uchastkalarini qo‘riqlashiga to‘g‘ri keldi.
O‘sha yilning kuzida Kadzuo Taoka Yamaguti-gumining yangi rahnamosiga aylandi (Xarukiti Yamaguti va uning pichoqlab o‘ldirilgan o‘g‘li Noboro Yamagutidan so‘ng uchinchi boss). Taokani kuch-qudratining cho‘qqisida yapon jinoiy olami «qiroli» sanashgan. U kambag‘al oilada tug‘ilib, ota-onasidan judo bo‘lgach, Kobe bandargohida yuk tashuvchi bo‘lib ishlagan amakisining qaramog‘iga o‘tdi. Ochlik va qashshoqlikdan qo‘rqqan Taoka Yamaguti-gumi kichik to‘dasiga qo‘shildi. Shafqatsizligi, chapdastligi tufayli tezda e’tibor qozondi. Oddiy bosqinchilikdan estrada biznesi rahbarigacha, keyin esa to‘da boshlig‘icha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. Taoka yakudza faoliyatini yanada kengaytirdi.
1950 yili boshlangan Koreya urushi Yaponiyani AQSh armiyasining front orqasi maskaniga aylantirdi. Yakudza darhol askarlarning hordiq olishini ta’minladi – fohishalar va giyohvand moddalarni yetkazib berdi, ulardan esa mamlakatda gullayotgan «qora bozor» uchun mahsulotlar sotib oldi. Keyin esa juda qisqa muddatda Yamaguti-gumi Kobe bandargohidagi barcha raqobatchilarni quvib yuborib, jilovni yana qo‘liga oldi.
Shuningdek, Yaponiyada urushdan so‘ng yangi uyushgan jinoyatchilik – fohishalik bilan shug‘ullanuvchi guruhlar paydo bo‘ldi. 1957 yili fohishalikka qarshi qonun joriy etilgach, yashirincha ravishda qo‘shmachilik bilan shug‘ullanildi. Shuningdek, bar va restoranlarda mushtumzo‘rlik qilib, giyohvand moddalar sotildi, tamagirlik, do‘q-po‘pisa davom ettirildi.
1960-yillarning boshida Taoka Xyogo hududidan barcha raqobatchilarini haydab chiqardi va qo‘shni Osakani Yamaguti-gumiga bo‘ysundirmoqchi bo‘ldi. Razvedkaga yuborilgan Yukio Dzido mahalliy Yanagava-gumi bilan ittifoq tuzdi. Ularning nishoni anchagina daromadli hududga egalik qilayotgan Meyyu-kay guruhi edi (Meyyu-kayning asosiy tarkibi koreyslardan iborat bo‘lgan). 1960 yil 9 avgustda tungi klubdagi kichik ziddiyatdan so‘ng «Osaka urushi» kelib chiqdi. Dzidoning yuzlab jangarilari va Yanagava-gumi to‘dalari Minami rayonini qurshab olishdi va «tozalash» ishlarini boshlashdi.
Rahnamolari o‘ldirilgach, Meyyu-kay faoliyat yuritmaydigan bo‘ldi. 27 avgustda Osakaning «Mino kanko» restoranida omon qolgan 15 nafar bosqinchi o‘z mag‘lubiyatini tan oldi va barmoqlarini kesib topshirishdi va ular kechirildi. Shu zaylda Taoka faoliyati yanada kengaydi.
Uning ulkan g‘alabasi Miyamoto-gumi guruhini o‘ziga qo‘shib olishi bo‘ldi. Qo‘shni Tokioni «zabt etish»dan esa Taokani katta ta’sir kuchiga ega bo‘lgan Yosio Kodama to‘xtatib qoldi. Yamaguti-gumining tajovuzkorligiga qaramay, 1972 yilning oktyabrida Kodama Kadzuo Taoka va Xidzinari Inagava (Inagava-kay rahnamosi) o‘rtasida taktik ittifoq tuzildi. Taoka tashabbusi bilan o‘z manfaatiga xizmat qiluvchi umumyapon jamiyati tuzildi. Biroq mamlakatda o‘tkazilgan islohotlar tufayli uning daromadlari birmuncha kamaydi. Shunga qaramay, 1974 yili uyushgan jinoyatchilikdan keladigan daromad miqdori 20 milliard dollarni tashkil etdi.
To‘pponchadan uzilgan o‘q
1978 yilning iyul oyida Taoka Kiotodagi tungi klubda dam olayotgan edi. Besh nafar tansoqchisi borligiga qaramay, yollanma qotil unga yaqinlashdi va to‘pponchadan bo‘yniga o‘q uzib jarohatladi. Taokuni zudlikda mahalliy shifoxonaga olib borishdi va u tez orada tuzala boshladi. Yamaguti-gumi a’zolari esa bossning joniga qasd qilib qochib ketgan odamni qidirishga tushdilar. U birmuncha vaqt avval Yamaguti-gumi jangarilari tomonidan o‘ldirilgan Matsuda Kiyosi Narumi sindikati bossining a’zosi bo‘lib chiqdi. Oradan bir necha hafta o‘tgach, uning murdasi Kobedan olis bo‘lmagan o‘rmondan topildi.
1981 yil oktyabrda Kobeda Yamaguti-gumi bossi Kadzuo Taokaning dabdabali dafn marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda 5 mingdan ortiq yakudza ishtirok etdi. Taoka tomonidan merosxo‘r qilib tayinlangan voris qamalgani bois, ichki ziddiyat kelib chiqmasligi uchun, sindikatni uning bevasi Fumiko boshqarib turdi. 1984 yili Masaxisa Takenaka yangi boss sifatida «taxtiravon»ga o‘tirdi. Biroq oradan bir yil o‘tib, u Itiva-kay to‘dasi tomonidan o‘ldirildi. Natijada to‘rt yillik shafqatsiz urush bo‘lib o‘tdi.
1990 yilning boshlarida Yamaguti-gumi tarkibida 11,8 ming yakudzani birlashtirgan 559 ta guruh bo‘lgan. Bu paytda uning beshinchi bossi Yosinoro Vatanabe bo‘lib, u 2005 yili iste’foga chiqdi. Yosinoro yakudza faoliyati tamoyilini shunday tavsiflagan: «Mutlaq yakkalik. Intiqom. Sokinlik. Munosib rag‘bat va jazo, shuningdek, oqilona kuch ishlatish». Vatanaening o‘rnini Kiyosi Takayama egalladi.
2008 yildan e’tiboran Yaponiyada yangi qonun qabul qilinib, unga ko‘ra nafaqat bosqinchilar, balki ularning bosslari javobgarlikka tortildi. 2011 yili esa mafiya zarariga yana bir qonun qabul qilindi. Oradan bir yil o‘tgach, fevral oyida AQSh hukumati Yamaguti-gumiga nisbatan sanksiya choralarini qo‘lladi. 2013 yili esa Yamaguti sindikati rahbarlik kengashi a’zolaridan biri Kiyosi Takayama olti yillik qamoq muddati bilan jazolandi.
Shunga qaramay, yakudzaning mamlakat miqyosida ta’sir kuchi katta. Yakudzaning kompyuter o‘yinlari, turli nizolar, yoshlar orasidagi ko‘z ilg‘amas targ‘ib-tashviqot, turli tatuirovkalar, jinoyatchilikning turli ko‘rinishlari buning afsuslanarli isbotidir.
Akbar Fatxullayev
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter