Yangilanayotgan Konstitutsiya: O‘zbekistonning tashqi siyosati qanday maqsadlarni ko‘zlaydi?
O‘zbekiston – tinchliksevar yurt. Boshqa mamlakatlar bilan do‘stona, iliq munosabatli aloqalarni o‘rnatish esa xalq farovonligi va mamlakat tinchligining eng muhim shartlaridan biridir. Konstitutsiyaga tashqi siyosat bo‘yicha alohida moddalargaqo‘shimchalar kiritishning zarurati ham ana shunda – tahlikali davrda barcha davlatlar bilan do‘stona va tinchliksevar munosabatlarni o‘rnatish juda muhim.
O‘zbekistonliklar tinchlikning qadrini biladigan xalq
Bir kun janjal bo‘lgan xonadonda qirq kun baraka qochadi, degan xalq maqollari bejizga paydo bo‘lmagan. Bizning xalqimiz katta mojarolar u yoqda tursin, yon qo‘shnilari o‘rtasida kichik aytishuvga ham murosasiz yondashadi, har doim duolarida tinchlik bo‘lsin deb so‘raydi. Xalqning bunday xohish-irodasi esa uning Asosiy qonuni – Konstitutsiyada ham o‘z aksini topishi shart edi.
Urushning yaxshisi bo‘lmaydi
Dunyoda hozir ham turli ko‘rinishlarda urushlar, ommaviy to‘qnashuvlar bo‘lib turgani insoniyatni tashvishga solmoqda. Ayrim davlatlarda qonli to‘qnashuvlar 20-30 yillardan beri to‘xtamayapti.
Uzoq yillar davomida xorijiy davlatlar bilan, ayniqsa yon qo‘shnilar bilan bo‘lgan sovuq munosabatlar hech qachon yaxshilikka olib kelmasligini ko‘rdik.
Shu sababli, bunday holat yana takrorlanmasligi uchun Konstitutsiyaga aniq qoida kiritilmoqda. Ya’ni O‘zbekiston barcha davlatlar bilan do‘stona tashqi siyosat yuritadi. Arzimagan sabablar bilan qaysidir davlatni o‘ziga dushman yasab olmaydi. Kimlargadir urush boshlamaydi.
17-modda.
O‘zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli subyektidir.
O‘zbekistonning tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning buzilmasligi, davlatlarning hududiy yaxlitligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik prinsiplarigahamda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan boshqa prinsiplari va normalariga asoslanadi.
18-modda.
O‘zbekiston Respublikasi davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarni har taraflama rivojlantirishga qaratilgan tinchliksevar tashqi siyosatni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi davlatning, xalqning oliy manfaatlaridan, uning farovonligi va xavfsizligidan kelib chiqqan holda ittifoqlar tuzishi, hamdo‘stliklarga va boshqa davlatlararo tuzilmalarga kirishi hamda ulardan chiqishi mumkin.
Tashqi siyosatdagi ijobiy o‘zgarishlar
O‘zbekistonMarkaziy Osiyo davlatlari bilan do‘stona, yaqin qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirmoqda.
Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Qo‘shnilarimiz bilan chegaralar ochildi, uzoq yillar davomida bir-birini ko‘ra olmagan qon-qarindoshlar yana uchrashdi.
Markaziy Osiyo davlatlari bilan tashqi savdoning umumiy hajmdagi ulushi 2017-yilda 10,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2021-yilda ushbu ko‘rsatkich 15,1 foizga yetgan.
Kiritilayotgan ushbu moddadagi yana bir muhim jihat – O‘zbekiston u yoki bu ko‘rinishdagi xalqaro ittifoqchilik kengashlariga faqat va faqat xalq manfaatlarini ko‘zlab kirishi yoki undan chiqishi mumkinligi. Masalan, bir paytlar O‘zbekiston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) a’zosi bo‘lgan, biroq ushbu tashkilot o‘z yo‘nalishini harbiylashtirgach, undan chiqishga qaror qilgan. Bu kabi holatlarda, albatta, xalqning manfaatlaridan kelib chiqib, yo‘l tutish kerakligi Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilayotgani esa tashqi siyosatdagi aniq strategiyalarni amalga oshirishga ko‘maklashadi.
Konstitutsiyamizga barcha davlatlar bilan do‘stona va tinchliksevarlik tashqi siyosatini olib borishga doir mazkur yangi prinsipning kiritilishi achchiq xatolardan chiqarilgan to‘g‘ri xulosadir. Umuman olganda, bugungi kunda o‘z qobig‘iga o‘ralib olib, hammaga yovqarash qilib yashaydigan davlatlar yakkalanib qoladi. Bu esa faqat va faqat o‘sha davlatning o‘ziga, aniqrog‘i xalqiga ziyon qiladi. Barcha davlatlar bilan xalqining manfaatlarini ustun qo‘yib, ikki va ko‘p tomonlama foydali do‘stona munosabatlarni yo‘lga qo‘yish hozirgi zamonda eng to‘g‘ri qaror deyish mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter