Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangilanayotgan Konstitutsiya mol-mulkdan mahrum etilishiga chek qo‘yadi

Yangilanayotgan Konstitutsiya mol-mulkdan mahrum etilishiga chek qo‘yadi

Mulkiy huquqlarni ishonchli himoya qilish tizimi har qanday davlat va jamiyat rivojlanishining asosiy omili hisoblanadi.Mulkdor o‘z mulki ishonchli himoya qilishiga to‘liq ishonsagina ertangi kunga umidi bo‘ladi, tadbirkor biznesini rivojlantirishga bor vujudi bilan harakat qiladi.

Rivojlangan davlatlar tajribasi ham shuni ko‘rsatmoqdaki,mulkdorlar va tadbirkorlar faoliyatiga erkinlik berilsagina jamiyat va davlat izchil rivojlanadi.

Yaqin tariximizda xalqimiz tilida «snos» deb nom olgan mol-mulkka tajovuz holatlariga guvoh bo‘ldik. Mazkur holatlar inson huquqlari va erkinliklarini qo‘pol ravishda buzib, O‘zbekistonning xalqaro imidjiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Mulk daxlsizligini ta’minlash bo‘yicha 2021-yilda Prezident farmoni bilan yer islohoti amalga oshirilib, unga ko‘ra yer xususiy mulk bo‘lishi mumkinligi, yer faqat elektron auksionda sotilishi, hokimlar yer berolmasligi va olib qo‘ymasligi singari tartiblar mustahkamlandi, qishloq xo‘jaligi yeridan yanada ko‘proq odamlar foydalanadigan bo‘ldi.

Shuningdek, 2022-yilda qabul qilingan qonun bilan yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartibi belgilandi. Unga ko‘ra, yer uchastkalarini mudofaa va davlat xavfsizligi ehtiyojlari, respublika hamda mahalliy ahamiyatga molik avtomobil va temir yo‘llar qurish kabi maqsadlarda kompensatsiya evaziga olib qo‘yish jamoat ehtiyojlari deb e’tirof etilishi belgilandi.

Endilikda xususiy mulk dahlsizligi va mulkdorlarning huquqlarini kuchaytirishga qaratilgan bir qator qoidalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi konstitutsiyaviy norma sifatida mustahkamlanmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasining 65-moddasi quyidagi tahrirda bayon qilinmoqda:

Fuqarolar farovonligini oshirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat bozor munosabatlarini rivojlantirish, halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratadi, iste’molchining huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini kafolatlaydi.

O‘zbekiston Respublikasida barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya qilinishi ta’minlanadi.

Xususiy mulk daxlsizdir. Mulkdor o‘z mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emas.

Xususiy mulkni daxlsizligining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlashdan asosiy maqsad xususiy mulk va tadbirkorlik faoliyati himoyasini davlat tomonidan kafolatlanishi hisoblanadi. Insonning mol-mulkidan sudning qarorisiz mahrum etish mumkin emasligi bo‘yicha konstitutsiyaviy norma yurtdoshlarimiz va chet el investorlarining mol-mulkini mahrum etilishiga oid havotirlarga chek qo‘yadi.

Yangilanayotgan Konstitutsiyada xususiy mulkning daxlsizligi huquqi mulkdorga tegishli mol-mulk bilan bog‘liq munosabatlarni huquqiy jihatdan mustahkamlash, aholining uy-joyga bo‘lgan huquqlari daxlsizligini kafolatlash ham xalqimiz, ham hayot zarurati hisoblanadi.

Xususiy mulk daxlsizligi hamda undan sud qarorisiz mahrum etilishi mumkin emasligi to‘g‘risidagi normalar Fransiya, Germaniya, Daniya, Indoneziya, Gruziya kabi davlatlar konstitutsiyalarida aks ettirilgan.

Yangilanayotgan Konstitutsiyada Xususiy mulkni daxlsizligini Bosh Qomus darajasida mustahkamlash bozor iqtisodiyotini yanada rivojlantirish, investorlarni jalb etadigan jozibador ishbilarmonlik muhitini yaratish, xususiy mulk daxlsizligini huquqiy jihatdan kafolatlashga shart-sharoit yaratadi. 

Bekzod NARIMONOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti bo‘lim boshlig‘i,
Yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring