Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangi yildan boshlab UMSning nomi o‘zgaradi

Yangi yildan boshlab UMSning nomi o‘zgaradi

UMS kompaniyasi 2019 yildan boshlab Mobiuz savdo belgisi ostida faoliyat olib boradi. Bu haqda kompaniya rasmiy saytida ma’lum qilingan.

Aytilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 21 noyabrdagi “Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida raqamli infratuzilmani yanada modernizatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, mobil operatorga bir qator vazifalar topshirildi. Xususan, UMS O‘zbekiston Respublikasi hududini rivojlangan mamlakatlar darajasida Internet tarmog‘iga ulanish imkoniyatlari bilan imkon qadar to‘liq qoplashi, barcha davlat xizmatlarini faqatgina o‘z ma’lumotlarga ishlov berish markazlari orqali ko‘rsatishi lozim.

2018 yilning 13 dekabridagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat boshqaruviga raqamli iqtisodiyot, elektron hukumat hamda axborot tizimlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni bilan kompaniya davlat xizmatlari operatoriga aylanib, hukumat mobil aloqasi va kriptografik himoyalangan ilk milliy Uzchat messenjerini joriy qilmoqda. 

«Bundan tashqari, UMS platformasida Loyiha boshqaruvi yagona milliy axborot tizimi, davlat sektori uchun blokcheyn yechimlar, aholi uchun raqamlashtirilgan davlat xizmatlari yaratilmoqda. Bu esa elektron hukumat tizimini rivojlantirish, davlat boshqaruviga axborot tizimlarini joriy qilish, bu sohada yagona davlat siyosatini olib borishga xizmat qiladi.

Bunday shart-sharoitlarda kompaniya rebrendingi yangi o‘zgarishlarni ifoda etishi, kompaniya qadriyatlarini g‘oyaviy jihatdan va mazmunan o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak. Buni inobatga olgan holda UMS mobil operatorining savdo belgisini Mobiuz, deb nomlashga qaror qilindi», — deyiladi rasmiy ma’lumotda.

Qo‘shimcha qilinishicha, rebrending ishlari dekabr oyida, kompaniya nomini tanlash, brend ranglarini va boshqa belgilarni yaratishdan boshlandi. Rebrending bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Bu qadamlar kompaniya brendini “soflashtirish”, jamiyatga kompaniyaning yangi qadriyatlarini yetkazishga xizmat qiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring