Yangi tartib asosida 99 fuqaroga 21,3 mlrd. so‘mlik ipoteka kreditlari ajratildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 noyabrdagi «Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni ijrosi doirasida aholi farovonligini oshirish hamda ularni uy-joy bilan ta’minlash yo‘nalishida Mikrokreditbank tomonidan ko‘p qavatli uylarni qurishni moliyalashtirish va aholiga ipoteka kreditlari ajratish muhim vazifalardan biri etib belgilandi.
Farmonga asosan Moliya vazirligi va Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan Konsepsiya talablaridan kelib chiqib, «Bank filiallari tomonidan aholiga ko‘p kvartirali uylardagi kvartiralarni sotib olish uchun bozor tamoyillari asosida ipoteka kreditlari ajratishning» yangi ichki tartibi ishlab chiqildi.
Shuningdek, joriy yilning 5 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan «Mikrokreditbank» ATB o‘rtasida 500 mlrd. so‘mlik Bosh kelishuv imzolandi. Shu kunga qadar olingan resurs hamda ishlab chiqilgan tartib asosida 99 nafar fuqaroga 21,3 mlrd. so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratildi.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 martdagi «Uy-joy sotib olish uchun fuqarolarga subsidiya to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi 182-sonli qaroriga asosan Uy-joy sotib olish uchun fuqarolarga ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badal va (yoki) foizlarning bir qismini qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga subsidiyalar to‘lanishi tartibi belgilandi.
Shunga ko‘ra, hududlardagi tuman va shaharlarda tashkil etilgan subsidiya to‘lanadigan fuqarolarni tanlab olish komissiyasi tomonidan Mikrokreditbank orqali uy-joy sotib olishi uchun jami 199 ta fuqaroga ijobiy qaror qabul qilingan. Shundan, boshlang‘ich badali uchun 22 ta, foizi uchun 119 ta hamda 58 ta fuqaroga ikkalasi ya’ni, foizi va boshlang‘ich badali uchun ijobiy qaror berilgan.
Shuningdek, bugungi kunga qadar tuman (shahar) G‘aznachilik bo‘limlariga subsidiya olish uchun 11 ta 307,5 mln. so‘mlik buyurtmanoma yuborildi hamda shundan 10 ta fuqaroga 283,5 mln so‘m mablag‘ bankka kelib tushdi va 7 ta fuqaroga ipoteka krediti ajratildi.
Shu bilan bir qatorda, Prezidentimiz tomonidan 2020 yil 1 mayda tasdiqlangan «Aholining uy-joy sharoitini yaxshilash hamda ipoteka krediti bozorini yanada kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qaror ijrosi doirasida quyidagi ishlar amalga oshirildi:
Ajratiladigan ipoteka kreditlarining eng ko‘p miqdorini hududlar bo‘yicha o‘zgargan qiymatini fuqarolarga to‘g‘ri va to‘liq yetkazildi;
Bank ichki tartibiga, bundan keyin ajratiladigan ipoteka kreditlari muddatini 15 yildan 20 yilga ajratish bo‘yicha o‘zgartirish kiritildi;
2019 yil 28 noyabrdagi «Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmonga asosan 40 ta fuqaroga ajratilgan kredit muddati 15 yildan 20 yilga uzaytirilib, shartnomalarga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.
Mamlakatimiz aholisining asosiy ehtiyojlaridan biri hisoblangan uy-joyga bo‘lgan talabni qondirish maqsadida ko‘p qavatli uylarni qurish pirovardida respublikamiz hududlarining qiyofasini zamonaviylashtirish va urbanizatsiya darajasini oshirish borasida berilgan topshiriqlar ijrosi Mikrokreditbank tomonidan bosqichma-bosqich amalga oshirib borilmoqda. Bu yo‘nalishdagi ishlar tizimli tarzda davom ettirib boriladi.
«Mikrokreditbank» ATB matbuot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter