Yangi loyiha: «O‘zbekistonning 100 nodir qo‘lyozmasi»
Bir necha yildirki, O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari bir qator davlat, jaomat va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik amalga oshirib kelayotgan «O‘zbekiston madaniy merosi – dunyo to‘plamlarida» loyihasi ana shu bebaho durdonalarni qidirib topish, tadqiq etish ular haqida dunyo jamoatchiligini xabardor qilishga yo‘naltirilgan.
– Ayni paytda loyiha doirasida keng qamrovli ishlar qilinmoqda, – deydi loyiha rahbari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Firdavs Abduxoliqov. – Shu kunga qadar «O‘zbekiston madaniy merosi – dunyo to‘plamlarida» turkumida 10 jildlik kitob-albomni o‘quchilarga tuhfa etdik. O‘zbek, ingliz va rus tillarida chop etilgan bu kitob-albomlar dunyoning eng yirik madaniy muassasalarida saqlanayotgan madaniy merosimiz namunalari – nodir qo‘lyozmalar, arxeologik topilmalar, xalq amaliy san’ati va hunarmandchilik buyumlari, tasviriy san’at asarlari, fotosuratlar, arxiv hujjatlari haqida hikoya qilinadi. Har bir kitobga shu mazmundagi hujjatli filmlar disk ko‘rinishida ilova qilingan.
O‘zbekistonda va dunyoning bir qator yirik shaharlarida madaniy merosimiz targ‘ibotiga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy anjumanlar o‘tkazildi. Joriy yilda Sankt-Peterburg, Vashington, Berlin, London, Parij, Dehli singari shaharlarda ana shunday tadbirlarda dunyoning yetakchi sharqshunos va tarixchi olimlari taklif etildi.
2018 yil 10-11-dekabr kuni Toshkentda «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» loyihasining 2018 yil yakunlari va «Yo‘l xaritasi-2019»ni ishlab chiqishga bag‘ishlangan xalqaro multimediya forumi bo‘lib o‘tadi. Mazkur forumda dunyoning o‘nlab mamlakatidan 300 nafardan ortiq sharqshunos, tarixchi va san’atshunos olimlar, yirik muzey va kutubxonalar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Forum kun tartibidan o‘rin olgan yangi loyihalardan biri «O‘zbekistonning 100 nodir qo‘lyozmasi» deb nomlanadi. Ushbu loyiha turli mamlakatlardagi ilmiy va madaniy muassasalarda saqlanayotgan, bevosita O‘zbekistonga tegishli bo‘lgan qo‘lyozmalarni izlab topish va ularning faksimile nusxalarini mamlakatimizga olib kelish bilan bog‘liq. Ayni paytga qadar mazkur loyiha doirasida bir qator durdona asarlarning faksimile nusxalari Yevropa texnologiyalari asosida ko‘paytirilib, yurtimizga olib kelindi. Ular qatorida «Temur tuzuklari», «Devoniy Husayniy», «Me’rojnoma», «Ravzatus-safo» singari noyob asarlarni misol keltirishimiz mumkin.
Hali yuzlab ana shunday nodir qo‘lyozmalar dunyoning turli hududlarida sochilib yotibdi. Ularning ayrimlari bizning ilmiy jamoatchiligimiz uchun sirligicha qolmoqda. Loyihadan ko‘zda tutilgan maqsad ham bu bebaho boylikni xalqimizga qaytarish, shu bilan birga O‘zbekistonning tarixiy haqiqatini, boy madaniy merosini, ma’naviy salohiyatini namoyish qilishdan iborat.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter