Yana Zulfiya mukofoti haqida: «Men bunday bo‘lishini bilmagandim…»
Gap avvalida aytishim kerak: ushbu yozuvlarni mukofotdan quruq qolgan qizning alamlari, deya qabul qilmang. Aksincha, «mukofotga borar yo‘llar»dagi yoqimsiz manzaralar sabab ko‘ngilda paydo bo‘lgan og‘riqlar bu. Kattalarda-ku hayot tajribasi bor: ularda hayot so‘qmoqlaridagi uncha-muncha sinovlar nisbatan yengil kechishi mumkin. Ammo katta hayot ostonasidagi men kabi yoshlarda esa...
Xullas, gap bunday: lotin alifbosiga asoslangan o‘zbek yozuvi jamoatchilik orasida ko‘plab muzokaralarga sabab bo‘layotgani sir emas. Joriy yilning 15-may kuni Bosh vazirimiz tomonidan «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek yozuvini keng joriy etish va uni yanada takomillashtirish bo‘yicha Harakatlar rejasi» tasdiqlandi. Ushbu harakatlar rejasiga labbay deya javob bergan holda «Imlomanbai.uz» saytiga asos soldim. Ushbu elektron imlo va izohli «onlayn» dasturida o‘zbek tilidagi so‘zlarning lotin alifbosidagi imlo va izohlari jamlangan bo‘lib, dastur interfeysi oddiy, barcha foydalanuvchilar uchun qulay qilib yaratilgan.
Men «Zulfiyaxonim qizlari» ko‘rik-tanlovida «Jamoatchilik» yo‘nalishi bo‘yicha qatnashishga ahd qildim. Toshkent shahar Yunusobod tumani xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan 6 va 7-ilovalarga asosan tegishli hujjatlarni tayyorlab topshirdim. Yunusobod tuman bosqichida ushbu saytim 204 ball olib, keyingi bosqichga o‘tdim.
Ko‘rik-tanlovning shahar bosqichi qachon o‘tkazilishini so‘rab, tuman xotin-qizlar qo‘mitasiga juda ko‘p marta qo‘ng‘iroq qilishimga to‘g‘ri keldi. Nihoyat, tanlovning shahar bosqichi shu yilning 30 noyabrida bo‘lib o‘tishidan bir kun avval 29-noyabr kuni kech soat 20da xabarini topdim. Tanlovning shahar bosqichida «slayd olib borsangiz bo‘ldi», deyishgani uchun slaydni olib bordim.
Tanlovga kelgan boshqa qizlar bilan suhbat jarayonida ularga shahar bosqichi o‘tkaziladigan vaqt haqida uch kun avval xabar berilgani, bu bosqichda uchta shart bo‘yicha baholanishi haqida eshitib hayron bo‘ldim.
Nega menga bu haqda o‘z vaqtida xabar berilmadi?
Toshkent shahar bo‘yicha 7 nafar qiz bellashdik. Hujjatlarimni tekshirishib, menga 9;8;7;8;8 ball qo‘yishdi. Tabiiyki, bundan kayfiyatim tushib ketdi. Sababi menga tuman xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan ilova bo‘yicha hujjatlarni taqdim etgan edim.
Ikkinchi shartda «O‘zingizning loyihangizni ko‘rsatishingiz kerak», deyildi. Men «Imlomanbai.uz» sayti haqida gapirib berdim. Hakamlar hay’ati a’zolaridan biri — O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi Toshkent shahar kengashi raisi saytimning ratatsiya funksiyasida bitta xato topganligini aytdi va hakamlar hay’ati 8 balldan ko‘yishdi.
Shundan so‘ng uchinchi — savol-javob sharti bo‘ldi. Bu jarayonda har xil savollar berildi, rus tilida gapirishimni so‘rashdi «U menya oksent, po etomu ya istisnayus govorit po ruskomu», deya javob berdim. Shundan so‘ng «Ingliz tilida gapiring, darajangiz qanday?» deyildi. «My level elementary. I wish improve my language», deya javob berdim. Shundan so‘ng tilni bilmasligim hamda savollariga javob bera olmaganimni uchun 8 balldan qo‘yishdi.
Xullas, shuncha mehnat va harakatlarim 118 ball bilan 4-o‘ringa loyiq ko‘rildi. Hisob-kitob bo‘yicha men yiqqan ball 120 bo‘lishi kerak edi. Lekin mutassadilar 2 ballni qayerga yo‘qotishganidan hayronman.
Bir qator e’tirozlar bo‘ldi. Men yig‘lab chiqib ketdim. Shundan so‘ng ustozim ularning oldiga kirib: «Apellyasiyaga qachon kelsak bo‘ladi?» deb so‘radi. Ertaga, deyishdi. Ertasiga bordik. Biroq bizni ichkariga qo‘yishmadi. Qo‘ng‘iroq qilsak, apellyasiyaga uchun yozgan arizamizni eshik oldidagi qorovulga tashlab ketishimizni aytishdi?! Ana munosabat!..
O‘sha kuni shahar bosqichi g‘olibalarini taqdirlash marosimi bo‘lishini eshitib, tadbirga biz ham bordik. Maqsad arizamizni mutasaddilarga shaxsan yetkazish edi. Tadbir jarayonida Toshkent shahar xotin-qizlar qo‘mitasi raisasi Dilbar Kamaridinovna bilan ko‘rishib, arizamni berdik. Raisa bizga 3 dekabr, soat 16:00 da kelishimizni aytdi.
Aytilgan sana va belgilangan vaqtda onam bilan birga bordik. Avvaliga onam ikkimizni tanlov bo‘ladigan xonaga kiritib qo‘yishdi. Roppa-rosa qirq daqiqadan so‘ng, nihoyat, hakamlar hay’ati kirib kelishdi. Hakamlar hay’ati – o‘sha-o‘sha, ular orasida birorta begona yo‘q edi. Ajab, biz shu hakamlardan norozi bo‘lib, apellyasiya arizasini yozgan edik. Arizamizni ularning o‘zlari (!) ko‘rib chiqishi nainki qonun, sog‘lom aqlga sig‘adimi? Shu haqda gapirgandik, savolimizga qisqa javob shu bo‘ldi: «Apellyasiya komissiyasi yo‘q bizda...».
Savol-javoblar boshlanishidan avval ulardan jarayonni videoga olishni so‘radik. Rad etdilar. Hay’at a’zolarini yarim soatdan ko‘p kutish, tasavvurimizga ters ravishda avvalgi hay’at a’zolarining kirib kelishiyoq xafsalamizni pir qilib bo‘lgandi. Rost-da, hay’at a’zolari kechagi qaroriga bugun teskari bormasligining ehtimoli katta emasmi?
Savol-javob boshlandi. Menga taqdimot qilishimni aytishdi. Meni slaydim sizlarning kompyuteringizda bor edi desam, 80 ta qiz qatnashgan, bu 80 ta slayd degani, ularni saqlab qo‘ymaymiz, o‘chib ketgan, deyishdi. Shundan so‘ng men hujjatlarimga qo‘ygan ballni tushuntirib berishlarini so‘radim. Bu gapim hay’at a’zolariga yoqmadi, hatto asabiylashishdi ham. Natijada faqat xato qidirishga tushib ketishdi. Hakamlar hay’ati a’zolaridan biri – yana o‘sha O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi Toshkent shahar kengashi raisi fayl-papkamdan ikkita diplomni chiqardi. Bu diplomlarni men Turizm kollejidagi tahsil paytimda «Yilning eng faol ma’naviyat targ‘ibotchisi» tanlovida qatnashganim uchun «Kamolot» YoIH shahar kengashi tomonidan 2013-2014-yilda berilgan edi. Diplomlarning biriga shahar kengashi raisi o‘rinbosari imzo qo‘ygan ekan raisining o‘rniga. Shunga yopishib olishib, bu diplom soxta deganday gap qilishdi... Bundan, tabiiyki, jahlim chiqdi. Bu nima degan gap? Ustiga ustak, hay’atdagi Nigina opa degan ayol menga: «Sening hujjatlaringga 0 ball qo‘yishim kerak edi aslida!» desa bo‘ladimi? Bunaqa pisanda, bunaqa ohangdagi gaplar kimga ta’sir qilmaydi, deysiz? Xo‘p, hujjatlarim 0 ball loyiq bo‘lsa, nima sababdan ko‘rik-tanlov kuni 7 ball qo‘yildi? Bu hay’atning muruvvatimidi?
Asosiy savol-javoblarga o‘tguncha muvozanatdan chiqib bo‘lgandim. Bu gaplarim shunchaki bahona emas, mening o‘rnimda men tengi farzandingizni tasavvur qilib ko‘ring-a?
Savol-javoblarda ham pisanda ohanglari to‘xtamadi. Deylik, saytim haqida rus tilida gapirishimni so‘rashadi. Savolga javob berishni boshlayman, shunda kutilmaganda gapimni bo‘lib, boshqa savolga o‘tishadi. To fikrimni jamlab bo‘lgunimcha «aybim» topiladi go‘yo: «Yaxshi gapira olmadingiz...». Yana birlari ochiqdan ochiq «sayting bizga kerak emas», deyishgacha bordi. Hay’atning yana bir a’zosi «Sizda xalqaro sertifikat yo‘q ekan», desa bo‘ladimi? Men ularga Yakkasaroy tumanidan qatnashgan qiz rus va ingliz tilida gapirmagani, biror bir ish ko‘rsatmay o‘zini tanishtirish haqida she’r aytganini ta’kidladim. Shunda hay’atdagi Javlon aka degan kishi: «Senga shunday chiqish qilishing uchun bir oy vaqt beraylikmi, yo‘q, uzr, bir yilmi?» deya nafsoniyatimga tegadigan gap qilganiga ishonasizmi?! Vaholanki, bunday savolga tayyor edim, shartta o‘rinimdan turib, she’rni sharrillatib aytib berdim. She’r yakunlangach, xona bir zum tinch bo‘lib qoldi...
Darvoqe, «xalqaro sertifikat» haqida. Koreya va O‘zbekiston hamkorlikda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida tashkil etilgan seminarda qatnashib, unda qo‘lga kiritgan sertifikatimni ko‘rsatsam, bungayam bahona topdilar: «Baribir 2018-yil hech qanday diplomingiz yo‘q ekan».
Shundan so‘ng hisobot va ish rejalarimni ko‘rib chiqdilar. O‘tgan yillar mobaynida «Faol va iqtidorli talabalar bilan ishlash yo‘nalishi» yetakchisi sifatida universitetimiz boshlang‘ich tashkilotida faoliyat yuritgan edim. Ana shu faoliyatimdagi hisobot va ish rejalarimni «makulatura» (ha, ha – xuddi shu so‘z ishlatildi!) dedilar. Emishki, hisobot rasmiy blankaga yozilib, imzo va muhr bo‘lishi kerak ekan?! «Xudo biladi, bu kimning imzosi ekan?» deya yana pisanda qildilar. Universitet yoshlar yetakchisining shu dargoh rasmiy blankasiga imzo chekmoqqa huquqi bormi? Rasmiy blankaga faqat universitet rahbari va o‘rinbosarlari imzo qo‘yishi mumkin. Oliy ma’lumotli bo‘lmasam ham buni juda yaxshi bilaman! Holbuki, ushbu hisobotlarim sabab unversitetning yoshlar ittifoqi faol a’zolari rag‘batlantirilib, kontrakt pulining 35 foizi to‘lab berilgan edi. Shuning o‘zi hisobotlarim «makulatura» emas, ma’lum kuchga ega hujjat ekanini tasdiqlamaydimi?
Hujjatlarimni titib, jo‘yali kamchilik topolmagach, kollejda o‘qib yurgan paytimda — Xivaga uyushtirilgan safarda ichki turizmni rivojlantirish bo‘yicha tayyorlangan fotolavhadagi suratimga yopishdilar! Yoz fasli edi, faslga monand libosda edim. Libos ochiqroq ediyu illo yalang‘och emas edim! Hay’at a’zolari suratni ko‘rib, malomat qilishga tushdilar: «bunaqa suratdan men uyalib ketyabman...», deb. Bu nima degan gap? Qachonlardir tushgan rasmdagi libosim muhimmi yoki aqliy salohiyatimmi? Nasihat qilish o‘rniga, ta’na qilib uyaltirish kerakmi?
Qisqasi, savol-javoblar shu tarzda o‘tdi: asabiylik, pisanda, ta’na, tirnoq tagidan kir qidirish... Hay’at a’zolariga e’tiroz bildirsam yoki ular gap topolmay qolishsa, shahar xotin-qizlar qo‘mita raisi Dilbar Kamariddinovna: «Tarbiyasiz, dotsentlarga gap qaytarayapsan?» deya og‘zimga urib, onamni ham, oilamni «tarbiyasizlar»ga chiqardi! Tanlovga qatnashib, unda o‘zimning haq-huquqimni talab qilib, nainki o‘zim, hatto oilam ham shunday malomatlarga qoldik. Bundan ko‘ra, tanlovda qatnashmaganim ma’qul edi-yey…
Boshimga qattiq og‘riq kirdi. Menga ingliz tilida gapir, deyishdi. Men: «I am so tired and I have a headache» («Men charchadim, boshim og‘riyapti»), deb javob berdim va boshimni partaga qo‘ydim. Shunda onam: «Sizlarning ham farzandingiz bordir? Bolamni o‘rniga o‘z farzandingizni qo‘yib ko‘ring», dedilar. Shu payt ulardan kimdir kelib kameraga olishni boshladi...
Bu nimasi? Nega biz suhbat boshida kameraga olishga ruxsat beringlar, deganimizda rad etib, men javob berishga madorim qolmaganidan o‘zlari tasvirga olishni boshladi? Buni qanday tushunish mumkin?
Shundan so‘ng har tomondan savollar yog‘ila boshladi, ularni nima deyayotganini hatto tushunmadim ham. Boshim juda qattiq og‘riyotgan edi. Birozdan so‘ng «rahmat», deya xonadan turib chiqib ketdim...
Shu o‘rinda yana bir gapni aytishim kerak: oradan uch kun o‘tib, bizga qo‘ng‘iroq bo‘ldi: apellyasiya komissiyasi arizamizni ko‘rib chiqar ekan. Vay, uch kun avval ham «apellyasiya komissiyasi» chig‘iridan o‘tdik edi chog‘i?
Bu komissiyaga ham bordik. Mendan boshqa norozi qizlar ham ko‘p ekan. Bu jarayonda nimalar bo‘lganini aytib o‘tirmayman. Faqat bitta holatga to‘xtalaman, xolos. Savol-javob jarayonida hujjatlarimni sinchkilab ko‘rgan hay’at a’zolaridan biri sal bo‘lmasa meni «davlat siyosatiga qarshilik»da ayblasa bo‘ladimi? Tasavvur qilyapsizmi buni? Nima emish, tanlovga qo‘lga kiritilganiga uch yildan ko‘p bo‘lmagan diplom-sertifikatlar taqdim etish kerak ekan, men esa 2014 yilda olgan diplomimni ilova qilibman. Shu ishim «siyosatga qarshilik» emish! Kulasizmi yoki kuyasizmi?
Ne umidlar bilan tanlovda qatnashayotgan yosh qizlarni ko‘nglini ko‘tarish, ishtiyoqini oshirish o‘rniga ruhiy bosim o‘tkazib, ko‘nglini chil-chil qilish kerakmi? Nafsoniyatiga tegib, ko‘ngildagi umid g‘unchalarini ochilmayoq so‘ndirish-chi?
Qaytaraman, men g‘olibalik nasib qilmaganidan alamzadalik bilan yozayotganim yo‘q. Bor-yo‘g‘i mutasaddilarning yosh qizlarga bo‘lgan munosabati, haqorat darajasidagi gap-so‘zlaridan ko‘nglim qattiq og‘riganidan qalam tutdim. Bunday nufuzli tanlovlarda g‘olibalar sanoqli bo‘ladi. Bu tushunarli. Biroq tanlovga kelgan qizlar g‘oliba bo‘lmasa ham, ishtiyoqi sinmay, umidlari so‘nmay, boringki, shunday tadbirda ishtirok etganidan faxrlanib ketishi kerak. Buning uchun mutasaddilardan xolislik, shirin so‘z va ruhlantiruvchi munosabat talab etiladi, xolos.
Shahnoza Ibragimova,
Toshkent shahri
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter