Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yana bir ijtimoiy tarmoq faoli 7 yilu bir oyga qamaldi

Yana bir ijtimoiy tarmoq faoli 7 yilu bir oyga qamaldi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati sudi hukmi bilan bloger Otabek Ahliddinov 7,1 yilga ozodlikdan mahrum qilindi, deb xabar bermoqda Inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov «Facebook»dagi sahifasida.

Qayd etilishicha, Otabek Ahliddinov Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblangan.

Tashanovga ko‘ra, Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi markaziy poliklinikaning bo‘lim rahbari lavozimida faoliyat olib borgan Otabek Ahliddinov ayblov xulosasiga ko‘ra, 200 million so‘mdan ortiq pulni o‘zlashtirishda ayblangan.

Shu yilning sentyabrida qamoqqa olingan ushbushaxs dastlab jinoyat ishlari bo‘yicha Xonobod tumani sudi hukmi bilan 5,1 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. So‘ng prokuraturaning protesti asosida appelyasiya sudi ishni qayta ko‘rib, muddatni 7,1 yilga uzaytirgan.

«Sudlov tizimida appelyasiya sudining muddatni ko‘paytirishi doim ham uchrayvermaydigan hodisa», deb yozadi Abdurahmon Tashanov. Uning ta’kidlagicha, Otabek Ahliddinov «Ezgulik» jamiyatining ham a’zosi bo‘lgan.

«Faollarimiz Otabekning oila a’zolari xohishiga ko‘ra, uning tergov va sud jarayonlarida ishtirok eta olishmadi.  Uni bugun jazoni ijro etish muassasasiga etap qilish uchun Toshturmaga olib kelishibdi. Advokatlari Oliy sudning kassatsiya instansiyasiga umid bog‘lashgan», deyiladi Tashanovning «Facebook»dagi sahifasida e’lon qilingan postida.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqda Emine Karamanova taxallusi bilan tanilgan 47 yashar Lenara Miraaxmedova 7,5 yilga qamalgandi. U sud tomonidan tuhmat, haqorat va tovlamachilik qilishda aybdor deb topilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring