Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yana bir Yevropa davlati Falastinni tan olmoqchi

Yana bir Yevropa davlati Falastinni tan olmoqchi

Malta kelgusi oyda Falastinni davlat sifatida tan oladi, deb ma’lum qildi mamlakat bosh vaziri Robert Abela.

Siyosiy yetakchi Maltada Falastinni tan olish masalasi 45 yildan buyon muhokama etilayotgani, uning hukumati bu ishga jur’at etgan ilk hukumat ekanini ta’kidlagan.

Bosh vazirga ko‘ra, Falastinni davlat sifatida tan olish G‘azo sektorida vaziyat og‘irlashib borayotgan bir paytda axloqiy-ma’naviy mas’uliyatga aylangan.

“G‘azoda 50 mingdan ziyod odam halok bo‘ldi. Kun sayin yomonlashib borayotgan insoniy fojiaga ko‘z yuma olmaymiz”, – degan Malta bosh vaziri.

R.Abela Malta Isroil aviahujumida birdaniga 9 farzandidan ayrilgan g‘azolik shifokor Ala an-Najjorga boshpana berishga tayyorligini ham bildirgan.

“(G‘azoda) chaqaloqlar, bolalar o‘ldirilayotgani, oilalar och qolayotgani qabul qilib bo‘lmas holatdir. Bu – shafqatsizlikning eng yomon ko‘rinishi. Agar xalqaro hamjamiyat bu hodisalar qarshisida sukut saqlasa, tarix bizni kechirmaydi”, – degan bosh vazir. 

Avval xabar berganimizdek, Fransiya ham Falastinni davlat sifatida tan olmoqchi. Bu qaror joriy yil iyun oyida Saudiya Arabistonida Fransiya hamraisligida ikki davlat (Isroil va Falastin) muammosiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanda e’lon qilinishi kutilmoqda.

Isroil mustaqil Falastin davlati tuzish g‘oyasiga tish-tirnog‘i bilan qarshilik qilib kelmoqda. 2024 yil 18 iyul kuni Isroil parlamentida ko‘pchilik ovoz bilan Falastin davlati tashkil etilishini rad etuvchi qaror qabul qilingan.

Knesset qaroriga xalqaro tashkilotlar yetakchilari, jumladan, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish e’tiroz bildirdi. Bosh kotib ta’kidicha, 1967 yilgi chegaralarda, poytaxtlari Quddus bo‘lgan mustaqil, suveren va demokratik ikki davlat mavjudligi mintaqada barqarorlik o‘rnatishning yagona oqilona yo‘li sanaladi.

Hozirga qadar Falastin davlatini BMTga a’zo 146 mamlakat, jumladan, O‘zbekiston tan olgan.

O‘tgan yili Armaniston, Ispaniya, Norvegiya, Irlandiya va Sloveniya Falastin mustaqilligini rasman tan olgan davlatlar safiga kirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring