Yana 139 ta loyiha «Tashabbusli budjet» g‘oliblari qatoriga qo‘shildi
Shu yilning fevral-mart oylari davomida o‘tkazilgan tashabbusli budjet jarayonlarida fuqarolarning faol ishtirokini inobatga olgan holda 2 215 ta loyiha g‘olib deb topilgan edi. Ularning qatoriga 2 mingdan ortiq ovoz (jami 480 mingdan ortiq ovoz) to‘plagan, lekin g‘olib deb topilmagan 139 ta loyiha ham qo‘shildi.
So‘nggi qo‘shilgan loyihalar uchun qo‘shimcha ravishda respublika budjetidan 85,4 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2022-yil 4-apreldagi qarorida ko‘rsatilgan.
Mazkur ajratilgan mablag‘lar doirasida qo‘shimcha ravishda fuqarolar tomonidan ilgari surilgan:
- 76 ta umumta’lim maktablarini joriy ta’mirlash va jihozlash;
- 23 ta mahallalarda ichimlik suvi tizimini yaxshilash;
- 13 ta maktabgacha ta’lim muassasalarini ta’mirlash va jihozlash;
- 5 ta sog‘liqni saqlash tashkilotlarini ta’mirlash va jihozlash kabi loyihalar moliyalashtirilishi belgilandi. Qo‘shimcha ravishda g‘olib deb topilgan loyihalarning ro‘yxati ilova qilinadi.
Ma’lumot uchun: 2022-yilning birinchi choragida o‘tkazilgan tashabbusli budjetlashtirish jarayoni natijalari bo‘yicha fuqarolar tomonidan bildirilgan 2 215 ta loyiha g‘olib deb topilgan va ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan 1,1 trillion so‘m mablag‘ ko‘zda tutilgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter