Yaman: Yaqin Sharqning og‘riqli nuqtasi
Yamanda harbiy-siyosiy inqirozning oxiri ko‘rinmayapti. 2014-yildan isyonchi xusitlar va amaldagi prezident Abd Rabbu Mansur Xodi o‘rtasida davom etib kelayotgan mojarolarga 2015-yil martida Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya kuchlari qo‘shilishi bilan muammo yanada chigallashdi. Mojaroga ijobiy yechim topmadi, aksincha qirg‘inlar kuchaydi, qurbonlar va vayronagarchiliklar ko‘lami oshdi.
Qolaversa, bu davlatda «Arabiston yarim orolida Al-Qoida», «IDISh» kabi terrorchilik guruhlarining ham qulay joylashib olgani muammoni yanada o‘tkirlashtirmoqda.
Ko‘p yillik fuqarolar urushi Yamanni deyarli ikki davlatga bo‘lib yubordi. Shimol va Janub o‘rtasida qon to‘kilib turganda, Janubiy Yamandagi kuchlarning ham ichki tarqoqligi kuzatildi.
2017-yilda markaziy hukumatga bo‘ysunmas ayirmachilarning Janubiy o‘tish kengashi tuzildi. Bir muddat ular Yamanning tan olingan markaziy hukumati bilan birgalikda shia xusiylarining «Ansar Alloh» harakatiga qarshi kurashda ittifoqchi bo‘lishdi. Biroq keyin oralari buzilib, ayirmachilar 2019-yilda Adan shahrini egallab olishdi va 2020-yilda mamlakatning barcha janubiy muzofotlarida o‘zini-o‘zi boshqarish tartibi joriy etilganini e’lon qilishdi. Jahon hamjamiyati tan olgan hukumat esa Saudiya Arabistoniga qochib o‘tdi va o‘sha yerda joylashdi.
2020 yil yozida Saudiya Arabistoni tashabbusi bilan Yamanda uzoq vaqtdan buyon davom etib kelayotgan mojaroni hal qilish bo‘yicha tashabbusi Markaziy hukumat va Janubiy o‘tish hukumati tomonidan ma’qullandi.
Bu rejaga ko‘ra, o‘t ochish to‘liq to‘xtatilib, Yaman janubida e’lon qilingan muxtoriyatdan voz kechiladi, Adan shahrida gubernator va xavfsizlik bo‘yicha rahbar tayinlanadi, Bosh vazirga yangi hukumatni shakllantirish vakolati beriladi.
30 dekabrda vaqtinchalik poytaxt bo‘lgan Adan aeroportida yuz bergan kuchli portlash natijasida 26 kishi nobud bo‘ldi va yuzdan ortiq kishi jarohatlandi. Bu vaqtda Saudiyada shakllantirilgan yangi hukumatning deyarli barcha a’zolari aeroportga kelib qo‘nishgan, hali samolyotdan tushishga ulgurishmagan ham edi.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, terrorchilik harakatlari yangi hukumatning ish boshlashini istamagan va ularga suiqasd qilishni ko‘zlagan kuchlar tomonidan amalga oshirilgani shubha yo‘q. Ular baxtiga, birorta vazirlar ziyon ko‘rmadi.
Yangi hukumat bu xunrezlik ortida hanuzgacha poytaxt Sanani va shimoliy muzofotlarni egallab kelayotgan isyonchi xusitlarni aybladi. Biroq harakat vakillari bunga hech qanday aloqasi yo‘qligini, balki uni «Yamandagi turli guruhlar va hukumat kuchlari o‘rtasidagi nizo oqibati», deb baholadi.
24 nafar a’zodan iborat Hukumatga janubliklardan 5 ta vazir kiritilgan. Hukumat Saudiya poytaxti Riyoz shahridagi qarorgohida joylashgan Yaman prezidenti Abd Rabbu Mansur Xodi oldida qasamyod qabul qilgan.
Aholi va bolalar qiynalmoqda...
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, oxiri ko‘rinmaydigan mojarolar oqibatida 24 million aholi gumanitar inqiroz yoqasida yashamoqda.
Amaldagi prezident Abd Rabbu Mansur Xodi janoblarini garchi Saudiya Arabistoni va BAA boshchiligidagi arab davlatlari koalitsiya qo‘llab-quvvatlab kelayotgan bo‘lsa ham, u kutilgan natijaga erisha olmayapti va aholi o‘rtasida ham reytingni tushib ketgan.
Shimoliy Yamanga doimiy ravishda koalitsiya kuchlari tomonidan doimiy ravishda aviazarbalar berilishiga javoban xusitlar Saudiyaning Yaman bilan chegara hududlarini, jumladan aeroportlar, neft ob’yektlarini, portlardagi tankerlarni, Janubiy Yamandagi harbiy nishonlarni doimiy ravishda o‘qqa tutmoqda. Bu maqsadda hatto uchuvchisiz uchish qurilmalaridan, qanotli raketalardan ham foydalanmoqda.
AQSh, Isroil, arab davlatlari va YeI Eronni xusitlarni faol qo‘llab-quvvatlab kelayotganlikda ayblaydi. AQSh hatto «Ansar Allah» harakatini terrorchilik tashkiloti safiga qo‘shishi mumkinligi bilan ogohlantirgan.
BMT Bosh kotibining gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mark Loukokning aytishicha, Yaman «mamlakatda fuqarolarning ochlikdan ommaviy qurbon bo‘lishining oldini olishga qodir emas».
2018 yilda deyarli 18 million yammanlikni oziq-ovqat bilan to‘liq ta’minlashning uddasidan chiqilmagan edi. O‘shanda aholining 8 milliondan ziyodiga «favqulodda birlamchi mahsulotlar yordami» talab etilardi.
BMTning Butunjahon oziq-ovqat dasturlari hisobotida keltirilishicha, Yaman yoshlarning qorni to‘yib ovqat yemasligi ko‘rsatkichi bo‘yicha jahonda eng yuqori o‘rinda. Ochlikni boshidan o‘tkazgan bolalar kelgusida sog‘lom avlodni dunyoga keltirishga qodir emas, bu ularning aqliy va jismoniy rivojlanishiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Qolaversa, arab davlatlari koalitsiyasi ham mamlakatni blokada qilgani ochlikni keltirib chiqaruvchi asosiy sabablardan biri bo‘lib qolmoqda.
Global pandemiya sababli esa xalqaro donorlik yordami ham 2019 yildagi 3,6 milliard dollardan o‘tgan yili 1,3 milliard dollarga tushib ketdi.
Eslatib o‘tamiz, 1839 yildan Britaniya nazorati ostida bo‘lgan Janubiy Yaman 1967 yilda mustaqillikni qo‘lga kiritgan. Shu vaqtdan u sobiq SSSRning ko‘magiga va uning siyosatiga xayrixohligini e’lon qildi. Barcha portlar, agrar soha, sanoat korxonalari, zavodlar, uylar va boshqa ob’yektlar davlat ixtiyoriga o‘tkazildi. Bu yerda minglab sovet Ittifoqi mutaxassislari faoliyat olib bordi.
Shimoliy Yaman esa 1918 yilda Usmoniylar imperiyasi tarqab ketishi bilan mustaqil bo‘lib olgan edi.
1990 yil 22 mayda Yaman Arab Respublikasi va Yaman Xalq demokratik Respublikasi birlashib, ular o‘rniga yagona Yaman Respublikasi tashkil etildi. Uning rahbari etib Shimoliy Yaman prezidenti Ali Abdalla Solih tayinlandi.
1994 yilda boshlangan ayirmachilik harakatlari natijasida Shimol va Janub armiyasi o‘rtasida qurolli kurash boshlandi va shimolliklar g‘alaba qozondi. Shundan buyon mamlakat janubidagi aholi o‘z mustaqilligini saqlab qolish yo‘lida harakat qilib kelmoqda. Tashqi kuchlarning aralashuvi esa bu yerda vaziyatni izdan chiqarib yubordi.
Charos Qosimova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter