XVJ rahbari 2023 yil og‘ir kelishini bashorat qildi
2023-yil dunyo iqtisodiyoti uchun 2022-yildan-da og‘ir keladi. Xususan, jahon iqtisodiyotini tutib turgan uch ustun – AQSh, Yevropa va Xitoyda o‘sish sur’ati pasayadi. Bu haqda Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) bosh ijrochi direktori Kristalina Georgiyeva 1-yanvar kuni CBS telekanaliga bergan intervyusida gapirgan.
2022-yilda dunyo bo‘yicha YaIM ko‘rsatkichi 100 trillion dollardan ortdi. Uning 57 foizi rivojlangan davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Yuqori ko‘rsatkich qayd etgan AQSh (25 foiz), Xitoy (18 foiz) va Yevropa Ittifoqi (17 foiz) iqtisodiyoti joriy yilda jiddiy imtihondan o‘tishi kutilmoqda.
XVJ rahbariga ko‘ra, AQShda o‘sish ko‘rsatkichi pasaysa-da, mamlakat retsessiyaning oldini ola biladi. YeIning yarmi retsessiyaga uchraydi. Iqtisodiy o‘sish susayib borayotgan Xitoy uchun ham 2023-yil mushkul kechadi.
K.Georgiyeva xarajatlar oshishini ham bashorat qilgan.
«Pandemiyadan keyin ta’minot zanjirlari qayta tiklanmoqda. Ishlab chiqaruvchilar arzon ishchi kuchi va xomashyo ketidan quvishni bas qilib, mahsulot tannarxi va biznes barqarorligi o‘rtasida muvozanatni ta’minlashga intilishi mumkin. Bu esa xarajatlarning oshishiga olib keladi», – deydi XVJ rahbari.
Pandemiyadan keyin endigina tiklanayotgan dunyo iqtisodiyoti Rossiyaning Ukrainaga boskinidan keyin yana turg‘unlikka yuz tutdi. Tahlilchilarga ko‘ra, Rossiya rahbariyati qo‘shni davlatga urush boshlamaganida va Yevropaga qarshi energetik urush ochmaganida, jahon iqtisodiyoti yana koviddan avvalgi o‘zanga tushib olishi mumkin edi.
2021-yilda jahon iqtisodiyoti 6 foizga o‘sdi. 2022-yilda esa bu ko‘rsatkich 3 foizga pasaydi. Iqtisodchilar yangi 2023-yilda yanada pessimistik ko‘rsatkichlarni bashorat qilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter