Xorvatiyada og‘ir jarohat olgan vatandosh O‘zbekistonga qaytarildi

O‘zbekiston elchixonasi xodimlari Xorvatiyada og‘ir tan jarohati olgan yurtdoshimizning vatanga qaytishiga amaliy yordam ko‘rsatishdi. Bu haqda "Dunyo" xabar berdi.
Elchixona ma’lumotiga ko‘ra, N.S. 2024 yilda ishlash uchun Zagreb shahriga kelgan. O‘tgan yil 29 noyabr kuni u yo‘l transport hodisasi oqibatida og‘ir tan jarohati olgan va Zagreb shahridagi markaziy shifoxonaga yotqizilgan. Bemor o‘tgan vaqt davomida doimiy tarzda shifokorlar nazoratida bo‘ldi.
O‘zbekiston elchixonasi voqea sodir bo‘lgan dastlabki kunlardanoq vaziyatni nazoratga oldi. Diplomatik missiya shifokorlar va shifoxona vakillari bilan hamyurtimizning ahvoli yuzasidan muloqot qilib turdi. Jabrlanuvchining oila a’zolari bilan ham yaqin muloqot o‘rnatildi va bemorning ahvoli to‘g‘risida aniq ma’lumotlar taqdim etildi.
Bemorning murakkab ahvoli inobatga olinib, diplomatik vakolatxona tashabbusi bilan, Migratsiya agentligi va O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘magida yuqori malakali tibbiyot mutaxassisi Xorvatiyaga olib kelindi.
Barcha jalb qilingan tuzilmalarning muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlari tufayli N.S. 11 aprel kuni O‘zbekistonga muvaffaqiyatli yetkazildi. Vatanga yetib kelgach, u ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasasiga joylashtirilgan va kerakli davolanishni davom ettirmoqda.
Bemorning davolanishi uchun ketgan to‘lovlar sug‘urta kompaniyasi va ish beruvchi tomonidan qoplangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter