Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xorijiy investitsiyalarning ma’lum qismi ilm-fanga yo‘naltiriladi

Xorijiy investitsiyalarning ma’lum qismi ilm-fanga yo‘naltiriladi

Foto: «President.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 6-aprel kuni O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademik S.Yu.Yunusov nomidagi O‘simlik moddalari kimyosi institutiga tashrif buyurgani haqida xabar bergan edik.

Shavkat Mirziyoyev O‘simlik moddalari kimyosi institutida oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari, akademiklar, olimlar va yosh tadqiqotchilar bilan suhbatlashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

— Ertangi kunini tasavvur qilgan, raqobatbardosh bo‘laman degan davlat, albatta, ilmga e’tibor berishi kerak. Sizlarning tilingizda aytganda, biz ham mamlakatimizni progressiv va innovatsion rivojlantirishimiz zarur. Buning uchun olimlar, tadqiqotchilar Vatanga xizmat qilishi, ilmiy-texnologik ishlanmalarini barcha sohalarda, ayniqsa, viloyatlarda joriy etishi kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari O‘zbekistonga kelayotgan har bir xorijiy investitsiyaning muayyan foizi ilm-fanni rivojlantirish va ilmiy kadrlar tayyorlashga yo‘naltiriladigan tizim qilish bo‘yicha topshiriq berdi.

Olimlar Prezidentning kecha qabul qilingan «Respublika oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ularga katta xursandchilik, moddiy va ma’naviy rag‘bat bag‘ishlaganini alohida qayd etdilar. Mamlakatda ilm-fanni rivojlantirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdilar.

Prezident ilm-fan vakillarining ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash masalalariga ham alohida e’tibor qaratdi. Jumladan, ularni uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring