Xorazmdagi qotillik tafsiloti ochiqlandi
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Xorazm viloyatining Tuproqqal’a tumanida sodir bo‘lganiga oid xabarlarga izoh berildi. Xabar.uz so‘roviga javoban Bosh prokuratura matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, mash’um hodisa joriy yilning 31-mart kuni sodir bo‘lgan.
Shu kuni soat 19.00lar chamasida mazkur tumanning «Muhabbat» mahallasida istiqomat qiluvchi N. S. (ayol, 1987-yilda tug‘ilgan) shu hududdagi xususiy tadbirkorga tegishli oziq-ovqat do‘konida 1975-yilda tug‘ilgan D. B. bilan o‘rtalaridagi telefon apparati oldi-berdisi bo‘yicha o‘zaro janjallashib ketadi. Buning oqibatida ayol savdo do‘koni yonidagi baliqxonadan qora dastali oshxona pichog‘ini olib, D. B.ning orqasidan keladi va uning chap ko‘krak sohasiga bir marta sanchadi. Natijada erkakning voqea joyida joni uziladi.
O‘sha kuniyoq ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi bilan ( qasddan odam o‘ldirish) «ish» ochilib, tegishli tartibga ushlanadi.
Mahkama matbuot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, dastlabki tergov jarayonida ayblanuvchi 2002-yildan buyon Xorazm viloyat ruhiy asab kasalliklar dispanserida «epilipsiya» tashxisi bilan ro‘yxatda turishi aniqlanadi. Shu bois uning jinoyat sodir qilgan vaqtdagi va hozirgi kundagi ruhiy holatini, aqli raso yoki norasoligini hamda muomalaga layoqatliligini aniqlash maqsadida sud-psixiatriya ekspertizasi tayinlangan.
Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari Xorazm viloyat prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan davom etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter