Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xorazmda yodga to‘yingan suv manbai topildi

Xorazmda yodga to‘yingan suv manbai topildi

Hazorasp tumani Bo‘ston qishlog‘i Qovunchi mahallasida yod va boshqa foydali minerallarga bilan to‘yingan suv manbai topildi.

Shu mahallada yashagan Zarif Ollaberganov uzoq yillardan buyon hajga borishni niyat qilgan va ro‘yxatga yozilib ham qo‘ygan ekan. Biroq u og‘ir kasallikka chalingani bois to‘shakka mixlanib qoladi. Zarif ota haj uchun yiqqan puli evaziga hovlisi yaqinidagi tashlandiq joyda quduq qazib, odamlarga yaxshilik qilishni vasiyat qiladi. Farzandlari ota vasiyatiga amal qilgan holda u ko‘rsatgan joyda quduq burg‘ulatishadi.

— 37 metr chuqurlikdan juda shirin va ekologik toza suv otilib chiqdi, — deydi uzoq yillar qishloq oqsoqoli bo‘lib faoliyat yuritgan Hasan Matyoqubov. — Hozirgi kunda bu yerdan nafaqat hazoraspliklar, balki Xonqa, Bog‘ot, Yangiariq tumanlaridan ham kelib suv olib ketishyapti.

Sanitariya epidemiologiya markazi mutaxassisi S. Boltayevaning ta’kidlashicha, quduq suvi maxsus lobaratoriya tekshiruvidan o‘tkazilganida uning yod ionlariga to‘yingani hamda tuzlik miqdori pastligi ma’lum bo‘ldi. Bu esa, albatta sog‘liq uchun koni foyda.

Darhaqiqat, Orolbo‘yi mintaqasi sanalgan Xorazmda tuzlik miqdori past darajali suvni topish ancha mushkul. Biroq mazkur hudud yerosti chuchuk suv manbalariga boy ekani o‘z isbotini topmoqda. Sal avvalroq Bog‘ot tumani Qipchoq qishlog‘ida yashovchi Masharif Madrimov hovlisidagi qudug‘idan chiqayotgan suv yod bilan to‘yingan aniqlangan edi.

Erpo‘lat BAXT

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring