Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xorazmda ikki oylik chaqaloqning yuragi operatsiya qilindi

Xorazmda ikki oylik chaqaloqning yuragi operatsiya qilindi

Illyustrativ foto

Kuni kecha Urganch tumanidagi «Oq oltin» qishlog‘ida joylashgan Kardiologiya markazida ikki oylik chaqaloqda yurak jarrohligi amaliyoti o‘tkazildi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda jahonda har 100 000 nafar bolaning 6-10 nafari tug‘ma yurak xastaligi bilan tug‘ilar ekan. Bugungi kunda mamlakatimizda 10 000 nafardan ortiq chaqaloq ana shunday kasallik bilan ro‘yxatga olingan. Ularning sog‘lig‘ini tiklash, faol hayotga qaytarish maqsadida davlatimiz tomonidan katta ishlar amalga oshirilmoqda.

E’tiborlisi shundaki, O‘zbekistonda mahalliy sharoitda yurak jarrohligi dastlab Xorazm viloyat markaziy shifoxonasida bundan 23 yil muqaddam amalga oshirilgan edi. O‘shanda  asli xonqalik, Ukraina poytaxti Kiyev shahrida joylashgan Nikolay Amosov nomidagi xalqaro yurak jarrohligi instituti professori Qalandar Bobojonov 5 soat davom etgan ochiq yurak jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli o‘tkazgan edi. Ana shundan so‘ng o‘nlab shifokor va hamshiralar Amosov institutida malaka oshirib qaytdilar.

Rossiyadagi A.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi ilmiy-amaliy markazi direktori, jahonga mashhur yurak jarrohi, akademik Leonid Bokeriya 2017-yilning iyul oyida Urganch Kardiologiya markazida bo‘lib, mahorat darslari o‘tkazgan edi. Tashrif davomida L.Bokeriya va kardiologiya markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha bitim imzolangandi. Mahorat darslari doirasida taniqli jarroh tug‘ma yurak nuqsoni bilan yashab kelayotgan 16 yoshli o‘smir Maqsadbek Yo‘ldoshevda jarrohlik amaliyotini ham o‘tkazgan edi.

Hamkorlik bitimiga ko‘ra, xorazmlik shifokor va hamshiralar A.Bakulev markazida malaka oshirib qaytdilar. Urganch Kardiologiya markazi jahon andozalariga mos tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi.

Ushbu markazda davolanayotgan namanganlik ikki oylik chaqaloq Muhammadyusuf Abdullayev yuragiga kuni kecha endavaksulyar jarrohlik amaliyoti usulida protez klapan qo‘yildi. Mahalliy sharoitda muvaffaqiyatli bajarilgan ushbu amaliyotda Amosov nomidagi xalqaro Kardiojarrohlik markazi xodimlari ham ishtirok etdi.

«Muhammadyusufda yurak qon tomirlari torayishi yuzaga kelgan, hamkasblarimiz uning olti oy yashashi mumkinligini taxmin qilishgan ekan. Uning sog‘ayishi uchun o‘tkazgan endavaksulyar jarrohlik amaliyotimiz juda murakkab kechdi. Biz unga protez yurak klapanini o‘rnatdik. Hozirda chaqaloqning ahvoli yaxshi. Nasib qilsa, biz aprel oyida yana O‘zbekistonga kelamiz va Muhammadyusufning soppa-sog‘ o‘ynoqlab yurganini ko‘rishimizga ishonamiz», — deydi Ukrainaning Amosov nomidagi kardiojarrohlik markazi shifokori Cherpak Bogdan.

P.Ermatov,
Xorazm viloyat statistika boshqarmasi
Axborot xizmati bosh mutaxassisi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring