Xo‘jali fojiasi: 150 kishi 30 yildan buyon dom-daraksiz…
Ozarbayjon tashqi ishlar vazirligi Xo‘jali fojiasining 30 yilligi munosabati bilan bayonot berdi. Unda etnik mansublikka ko‘ra amalga oshirilgan xunrezlik qoralanadi.
Bayonotda qayd etilishicha, 1992-yil 26-fevralga o‘tar kechasi Armaniston harbiy guruhlari sho‘ro armiyasining 366-motoo‘qchi polki ko‘magida Qorabog‘ mintaqasida joylashgan Xo‘jali shahrini egallab, og‘ir jinoyatlar sodir etgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha mash’um tunda 613 kishi o‘ldirilgan, 487 kishi yaralangan. Bedarak yo‘qolgan 150 kishining taqdiri haqida haligacha ma’lumot yo‘q.
Ozarbayjon tashqi ishlar vazirligi milliy va xalqaro miqyosda ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yakunida Xo‘jali fojiasi aybdorlariga qonuniy jazo berilishiga umid bildirgan.
Xo‘jali fojiasining 30 yilligi sanasiga O‘zbekiston–Ozarbayjon do‘stlik jamiyati ijrochi direktori, tarix fanlari doktori, professor Erkin Nuriddinov ham munosabat bildirdi. Ta’kidlanishicha, Xo‘jalida 30 yil avval yuz bergan fojia insoniyat tarixidagi qora dog‘ sifatida yodda qolgan.
“Ozarbayjon shahidlari – vatan uchun o‘z jonini fido qilgan yoshlarning qahramonligi nafaqat ozarbayjonlar uchun, balki butun turkiy xalqlar, o‘zbeklar va butun insoniyat qalbida doimo hurmat va minnatdorlik bilan yodga olinadi”, – deydi O‘zbekiston–Ozarbayjon do‘stlik jamiyati ijrochi direktori.
Ozarbayjon 30 yil avval ro‘y bergan fojiani genotsid hamda xalqaro huquq me’yorlarining qo‘pol ravishda buzilishi deb biladi. Shuningdek, dunyoning 17 davlati hamda AQShning 24 shtatida Xo‘jali fojiasi genotsid deb tan olingan. Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi 2010 yil 22 aprel kuni qarorida Xo‘jalida sodir etilgan qilmishlarni harbiy jinoyat deb malakalagan. Islom hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkiloti Xo‘jali qirg‘inini qoralab bayonotlar berib keladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter