Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi qanday hollarda belgilanadi?

Xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi qanday hollarda belgilanadi?

Savol: xizmat tekshiruvi, tartibi va muddatlari bo‘yicha tushuncha bersangiz...

Mehnat kodeksining 302-311-moddalari xizmat tekshiruvini tartibga soladi. MK 302-moddasiga ko‘ra, xizmat tekshiruvi xodim tomonidan intizomiy qilmish sodir etilganligi faktini, uning sodir etilishida xodimning aybini, xodim tomonidan intizomiy qilmish sodir etilishiga imkon bergan sabablar va shart-sharoitlarni, ish beruvchiga yetkazilishi mumkin bo‘lgan moddiy zararning xususiyati va miqdorini aniqlash maqsadida amalga oshiriladigan tekshirishdir.

MK 303-moddasiga ko‘ra, ish beruvchi xizmat tekshiruvi o‘tkazish haqida qaror qabul qilishga haqli. Xizmat tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror tegishli buyruq bilan rasmiylashtiriladi. Ya’ni har qanday holatda ham xizmat tekshiruvi o‘tkazishga ish beruvchi majbur emas. Masalan, xodim tomonidan intizomiy qilmish sodir etilganlik fakti tasdiqlandi, ish beruvchi ushbu xodimga xizmat tekshiruvisiz ham intizomiy jazo qo‘llashga haqli.

MK 308-moddasiga ko‘ra, xizmat tekshiruvini o‘tkazish muddati 15 ish kunidan oshmasligi kerak.

Xizmat tekshiruvini ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan muddatda, ob’yektiv sabablarga ko‘ra tugallash mumkin bo‘lmagan alohida hollarda, ish beruvchi komissiyaning asoslantirilgan vajlari asosida xizmat tekshiruvini o‘tkazish muddatini yana 15 ish kunigacha uzaytirishga haqlidir.

Savol: turmush o‘rtog‘im ish joyidan shtat qisqarishi munosabati bilan ogohlantirildi va 2 oylik ogohlantirish davrining 1 oyi uchun kompensatsiya oldi. Biroq foydalanilmagan mehnat ta’tili hamda yana bir oylik maoshi shu kunga qadar to‘lab berilmadi.

Bu kabi kompensatsiya pullari va oylik maoshlari xodim ishdan bo‘shaganidan keyin qancha muddatda to‘lab berilishi kerak?

MK 234-moddasiga ko‘ra mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga barcha foydalanilmagan har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillari uchun pulli kompensatsiya to‘lanadi.

MK 172-moddasiga ko‘ra, mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodim bilan hisob-kitob qilinishi kerak.

Hisob-kitob xodimga:

  • oxirigacha olinmagan ish haqini;
  • xodim tomonidan foydalanilmagan barcha asosiy va qo‘shimcha ta’tillar uchun kompensatsiyalarni;
  • agar mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda yoxud mehnat shartnomasida boshqa to‘lovlarni to‘lash nazarda tutilgan bo‘lsa, ushbu to‘lovlarni to‘lashni o‘z ichiga oladi.

Demak, turmush o‘rtog‘ingizga barcha foydalanilmagan har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillari uchun pulli kompensatsiya, ish haqi mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni to‘lab berilish lozim edi.

Agar mehnat huquqlaringiz buzilsa, sudga, mehnat inspeksiyasiga, prokuratura yoki adliya organlariga murojaat qiling yoki quyidagi ishonch raqamlariga telefon qiling: +99871 200 06 00 (Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ), 1007 (Bosh prokuratura) , 1008 (Adliya vazirligi).

Diqqat! MK 560-moddasiga ko‘ra, xodim o‘zining huquqi buzilganligi to‘g‘risida bilgan yoki bilishi kerak bo‘lgan kundan e’tiboran 6 oy ichida sudga murojaat qilishi mumkin.

Savol: pensiyaga chiqqandan so‘ng necha yoshga qadar ishlash mumkin?

Mehnat qonunchiligida xodim falon yoshdan keyin ishlay olmaydi degan cheklov yo‘q (qonunchilikdagi ayrim holatlar bundan mustasno, masalan uchuvchilar, sudyalar uchun maksimal yosh chegarasi belgilangan). Ya’ni Siz qonunchilikdagi istisnolarga tushmasangiz, pensiyaga chiqib ham bemalol ishlashingiz mumkin.

MK 4-moddasiga ko‘ra, mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitish taqiqlanadi. Jinsi, yoshi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy holati va mansab mavqei, yashash joyi, dinga bo‘lgan munosabati, e’tiqodi, jamoat birlashmalariga mansubligi, shuningdek xodimlarning ishchanlik sifatlari va mehnati natijalari bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa jihatlariga qarab mehnat va mashg‘ulotlar sohasida biror-bir to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklovlar belgilash, xuddi shuningdek biror-bir to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita imtiyozlar berish kamsitishdir.

Savollaringizni @xabargayoz_bot ’ga jo‘natishingiz mumkin.

Savollarga ekspertimiz Muhammadamin Karimjonov
javob bergan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring