Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xodim eng ko‘pi bilan necha stavkada ishlashi mumkin?

Xodim eng ko‘pi bilan necha stavkada ishlashi mumkin?

Savol: ishxonamda 1 stavka asosiy va 0,5 stavka o‘rindoshlik asosida ishlab kelaman. Yana qo‘shimcha ravishda 12 soat dars o‘tishim mumkinmi?

Mehnat kodeksining 437-moddasiga ko‘ra, o‘rindoshlik asosida ishlash chog‘ida o‘rindoshlik asosida ishlashning davomiyligi xodimlarning mazkur toifasi uchun belgilangan ish vaqti normasining yarmidan ortiq bo‘lishi mumkin emas (bundan sog‘liqni saqlash tizimi tashkilotlarining shifokor xodimlari mustasno). Ya’ni sodda qilib tushuntirganda jami 1.5 stavkadan ortiq ishlashingiz mumkin emas. Faqatgina shifokorlar va 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida musiqa san’ati bo‘yicha professional ta’lim hamda oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjatga ega bo‘lgan, kamida 3 ta milliy musiqa cholg‘ularida mahorat bilan kuy ijro eta oladigan mutaxassislargina 2 stavkada ishlashlari mumkin.

Savol: maktabda direktor o‘rinbosari lavozimida ishlovchi xodimga 40 kalendar kundan iborat mehnat ta’tili berilgan edi. Mazkur xodimni ta’tilining 14-kunidan keyin ishga chaqirib, qolgan 26 kunini pulli kompensatsiyaga almashtirsa bo‘ladimi?

MK 234-moddasi 2-qismiga ko‘ra, xodimlarga ish davrida ularning xohishiga ko‘ra har yilgi mehnat ta’tili uchun ta’tilning ushbu Kodeksning 217-moddasida belgilangan eng kam davomiyligidan tashqari (21 kalendar kun) pulli kompensatsiya to‘lanishi mumkin. Demak, ta’tilning 21 kalendar kundan ortiqcha qismi uchun pullik kompensatsiya qilinishi mumkin.

Diqqat! O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan xodimlarga, I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarga beriladigan ijtimoiy ta’tillarning barcha turlaridan, har yilgi uzaytirilgan asosiy mehnat ta’tillaridan, shuningdek ushbu Kodeksning 481 va 483-moddalarida nazarda tutilgan qo‘shimcha ta’tillardan asli holida foydalaniladi hamda mehnat davrida ularni pulli kompensatsiya bilan almashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Savol: maktab direktoriman. Ustimdan yozilgan «yumaloq xat»lar sabab meni viloyat Maktab va maktabgacha ta’lim boshqarmasiga chaqirishdi va boshqarmadan kelib maktabimda tekshiruv o‘tkazilgani va kamchiliklar aniqlangani haqida tushuntirish xati yozdirib olishdi. Aslida hech qanday tekshiruvlar bo‘lib o‘tmagan edi. Yuqoridagi tushuntirish xatimni asos qilib esa menga «Hayfsan» berdi. Shunday qilishlari mumkinmi?

MK 300-moddasiga ko‘ra, intizomiy javobgarlik xodim tomonidan intizomiy qilmish sodir etilganligi uchun yuzaga keladigan va ushbu xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilishida ifodalanadigan yuridik javobgarlikdir.

MK 301-moddasiga ko‘ra, xodim tomonidan intizomiy qilmish sodir etilishi xodimni intizomiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.

Intizomiy qilmish deganda xodim tomonidan o‘z mehnat majburiyatlarini aybli tarzda, g‘ayriqonuniy ravishda bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi (mehnat (lavozim) majburiyatlarining buzilishi) tushuniladi.

Agar xodimning o‘z mehnat (lavozim) majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi xodimga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra yuz bergan bo‘lsa (xodimning o‘z mehnat vazifalarini bajarish uchun ish beruvchi tomonidan zarur shart-sharoitlar ta’minlanmaganligi, fors-major holatlari va hokazolarda), xodimni intizomiy javobgarlikka tortishga yo‘l qo‘yilmaydi.

MK 312-moddasgiga ko‘ra, ish beruvchi xodimdan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilguniga qadar shu jumladan, agar intizomiy qilmish xizmat tekshiruvi natijalariga ko‘ra aniqlangan bo‘lsa yozma tushuntirishni talab qilishi shart. Xodimning yozma tushuntirish taqdim etishni rad etganligi intizomiy jazo chorasi qo‘llanilishi uchun monelik qilmaydi va hozir bo‘lgan guvohlar ko‘rsatilgan holda dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.

Bundan tashqari, intizomiy jazo chorasini qo‘llashda sodir etilgan qilmishning og‘ir-yengilligi, uning sodir etilishi holatlari, xodimning avvalgi ishi va xulq-atvori hisobga olinadi.

MK 313-moddasiga ko‘ra, ish beruvchining xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi buyrug‘i qabul qilingan kundan e’tiboran 3 ish kuni ichida, xodim ishda bo‘lmagan vaqt hisobga olinmasdan, unga jazoning sabablari ko‘rsatilgan holda imzo qo‘ydirib e’lon qilinadi. O‘ziga nisbatan intizomiy jazo chorasini qo‘llash haqidagi buyruq bilan tanishtirilmagan xodim intizomiy jazosi bo‘lmagan deb hisoblanadi.

Demak, Sizga nisbatan hayfsan intizomiy jazo qo‘llanilishi uchun mehnat qonunchiligi talablariga qat’iy rioya qilingan bo‘lishi shart, aks holda intizomiy jazo g‘ayriqonuniy qo‘llanilgan deb topiladi. MK 560-moddasiga ko‘ra, Siz hayfsan olganingizni bilganizdan boshlab 6 oy ichida intizomiy jazo ustidan sudaga murojaat qilishga haqlisiz. MK 562-moddasiga ko‘ra, xodimlar yakka tartibdagi mehnat munosabatlaridan kelib chiqadigan talablar bo‘yicha sudga murojaat etganda sud xarajatlaridan ozod qilinadi.

Savollaringizni @xabargayoz_bot ’ga jo‘natishingiz mumkin.

Savollarga ekspertimiz Muhammadamin Karimjonov
javob bergan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring